Suv tejovchi texnologiyalar bo‘lmagan yerlar uchun soliq ikki barobar oshiriladi

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezidentning «Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilandi.
Qarorga muvofiq, 2027-yildan boshlab har yili suv resurslaridan foydalanish uchun soliq stavkasi va ajratiladigan subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab belgilanadi.
Suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlardagi sug‘oriladigan yer maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilganda ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi. Shu bilan birga, suv bilan barqaror ta’minlangan hududlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etilmagan maydonlar uchun suv resurslaridan foydalanish soliq stavkasi ikki barobar oshiriladi.
Qarorga muvofiq, 2027-yildan sholi yetishtiriladigan maydonlarning suv kirish qismi hamda baliqchilik xo‘jaligi tashkil qilingan yer maydonlarining suv kirish va chiqish qismiga tadbirkorlar tomonidan o‘z mablag‘laridan «aqlli» suv o‘lchash va hisoblash vositalarini o‘rnatish majburiy etib belgilandi. «Aqlli» suv o‘lchash vositalari o‘rnatilmagan taqdirda suv resurslaridan foydalanish uchun soliq stavkasi ikki barobar oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev suv resurslaridan samarali foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan edi.