AQShda 11 yoshli o‘zbekistonlik qiz YTHda halok bo‘ldi

Nyu-Yorkda yo‘l-transport hodisasi oqibatida 11 yoshli o‘zbekistonlik Amira Aminova vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
CBC News nashrining ma’lum qilishicha, hodisa 5-fevral kuni sodir bo‘lgan. Uni chorrahada piyodalar yo‘lagidan kesib o‘tayotganida o‘ng tomonga burilayotgan maktab avtobusi urib yuborgan.
Konsulxona rasmiy bayonotida marhumaning onasi, yaqinlari hamda barcha qarindosh-urug‘lariga ushbu og‘ir yo‘qotish munosabati bilan ta’ziya izhor etildi
Ta’kidlanishicha, Bosh konsulxona bolaning onasi bilan doimiy aloqada bo‘lib, Nyu-York shahridagi tegishli vakolatli idoralar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi diplomatik muassasalari marhumaning oilasiga dastlabki murojaatdan boshlab to‘liq hajmda zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekani bildirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi Aviator savdo markazidagi yong‘inda 3 yoshli bola halok bo‘lgani ma’lum qilingani haqida yozgandi.