Yangiliklar

Ortda qolgan haftada qanday yangiliklar yuz berdi

Kursiv Uzbekistan ortda qolgan haftada yuz bergan muhim xabarlarni bir joyga jamladi
Воздух в Ташкенте
Foto: Lalitta Kim / Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan ortda qolgan haftada yuz bergan muhim xabarlarni bir joyga jamladi.

800 mln so‘mlik Chevrolet Traverse Z71 sotuvga chiqdi

Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors O‘zbekistonda yangi Chevrolet Traverse Z71 modeli sotuvi boshlanganini e’lon qildi. Uning narxi 795 mln so‘mni tashkil etadi.

Ma’lum qilinishicha, avtomobilni xarid qilish bo‘yicha shartnomalarni UzAuto Motors’ning barcha rasmiy dilerlik markazlarida rasmiylashtirish mumkin.

Eng kuchli TOP-10 subflagman smartfonlar qaysi — reyting

Eng kuchli TOP-10 subflagman smartfonlar qaysi
Eng kuchli TOP-10 subflagman smartfonlar qaysi — reyting / Foto: Facebook

AnTuTu benchmarki 2026-yil yanvar oyidagi eng kuchli subflagman smartfonlar reytingini e’lon qildi. Reytingda birinchi o‘rinni yaqinda taqdim etilgan va 10 000 mAh batareyaga ega Honor Power 2 subflagmani egalladi. Ushbu model MediaTek Dimensity 8500 Elite protsessori bilan jihozlangan.

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni rasmiylashtirish tezlashtiriladi

Foto: domtut.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etishni tezlashtirishga qaratilgan qonunni qabul qildi. Qonun loyihasi orqali amaldagi qonunchilikka, xususan, «O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga…» hamda «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

O‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqidagi xabarlarga izoh berildi

O‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqidagi xabarlarga izoh berildi
Ekran tasviri census.stat.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim davlat axborot tizimlaridan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqida xabarlar chiqdi. Kiberxavfsizlik markazi ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Milliy statistika qo‘mitasi esa tarmoqlarda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishdagi rasmiy sayt ishlamayotgani, xakerlik hujumlari bo‘lgani haqida xabarlar tarqalayotganini va bu asossiz ekanini bildirdi. Unga ko‘ra, online ro‘yxatdan o‘tish joriy yil 31-yanvarda yakunlangani sababli platforma yopilgan. 

2026-yilda qaysi kosmik parvoz va missiyalar amalga oshiriladi

Foto: SpaceX

O‘tgan yil kosmik sohada juda ko‘p dramatik va yorqin lahzalarni olib keldi: parvozlar soni rekord darajaga yetdi, uzoq olamlardan hayratlanarli manzaralar namoyon bo‘ldi, yutuqlar va muvaffaqiyatsizliklar navbatma-navbat kuzatildi. 2026-yilda yangi raketa-tashuvchilarning debyuti kutilmoqda, olimlar esa koinotni o‘rganishda yangi «oynalar» ochilishiga umid qilmoqda. Ushbu materialda shu yil eng ko‘p kutilgan kosmik missiyalar ro‘yxati keltiriladi.

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlashni rejalashtirmoqda

Foto: BBC

Ispaniya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash bo‘yicha rejalarni e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Bosh vazir Pedro Sanches Dubayda bo‘lib o‘tgan Jahon hukumatlari sammitida bu haqda ma’lum qilib, asosiy maqsad yoshlarni «giyohvandlik, zo‘ravonlik va manipulyatsiya» kabi xavflardan himoya qilish ekanini aytdi.

Hali parlament tasdig‘idan o‘tishi kerak bo‘lgan ushbu taqiq kompaniya rahbarlarini o‘z platformalaridagi noqonuniy yoki zararli kontent uchun javobgar qilishni ham ko‘zda tutadi. Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, platformalar shunchaki «belgilash katakchalari» emas, balki samarali va haqiqiy yoshni tekshirish tizimlarini joriy etishi shart.

Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti Tojikistonda ishga tushirildi

Foto: Unsplash

SpaceX kompaniyasining Starlink tizimi Tojikistonda yuqori tezlikdagi internet xizmati ishga tushganini e’lon qildi. Tegishli litsenziya shartnomasi 2025-yil oktabr oyida «Dushanbe Invest–2025» forumi doirasida imzolangan. Bu haqda Asia-Plus nashri xabar bermoqda.

Pokiston poytaxtida Toshkent koʻchasi va Bobur bog‘i ochildi

Pokiston poytaxtida Toshkent koʻchasi va Bobur bog‘i ochildi
Pokiston poytaxtida Toshkent koʻchasi va Bobur bog‘i ochildi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi doirasida Islomoboddagi koʻchalardan biriga Toshkent, yangi barpo etiladigan bogʻga esa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Endi O‘zbekistonda har aprel oyi «Amir Temur oyligi» bo‘ladi

Площадь Амира Темура
Foto: baesfoto / Unsplash

Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida qaror imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda davlat rahbari tomonidan imzolangan ushbu hujjat Amir Temurning shaxsiyati, uning bashariyat tarixi va Turon tamaddunidagi o‘rni hamda temuriylarning boy va betakror merosini chuqur o‘rganish uchun qabul qilingani aytilgan.

2025-yilda taksi uchun ommabop model Cobalt bo‘ldi

Chevrolet Cobalt
Rasm ChatGPT yordamida yaratilgan

2025-yilda O‘zbekistonda taksi bozori aylanmasi 9,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, yil davomida soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiyalashgan taksi agregatorlari soni 155 tadan 224 taga yetgan. Ular orqali qariyb 479 millionta safar amalga oshirilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 49,6 foizga oshgan.

Yo‘l haqi to‘lovlarining asosiy qismi hanuz naqd shaklda amalga oshirilmoqda — 6,74 trillion so‘m (70,2%). Naqd pulsiz to‘lovlar hajmi esa 2,87 trillion so‘mni (27,8%) tashkil etgan. Shu bilan birga, onlayn to‘lovlar ulushi izchil o‘sib bormoqda. Bir safar uchun o‘rtacha yo‘l haqi 20 ming so‘mdan oshib, 8,3 foizga ko‘tarilgan.

Husanov «Manchester Siti»da oyning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi

Абдукодир Хусанов
Foto: abdukodir_khusanov_ / Instagram

Abduqodir Husanov Etihad tomonidan yanvar oyining eng yaxshi o‘yinchisi deb e’tirof etildi. G‘olibni «Manchester Siti» muxlislari an’anaviy ovoz berish yo‘li orqali tanlab berdi.

Geely O‘zbekistonda uchta krossoveri narxlarini e’lon qildi

Geely O‘zbekistonda uchta krossoveri narxlarini e’lon qildi
Geely O‘zbekistonda uchta krossoveri narxlarini e’lon qildi / Foto: Sun’iy intellekt

O‘zbekistonda Geely brendining uchta yangi krossoveri elektr EX5 EV, gibrid EX5 EM-i va benzinli Monjaro narxlari ma’lum qilindi. Bu haqda «Kitayskie avtomobili» nashri xabar berdi.