
Xitoyda J.D. Power kompaniyasining yangi energiya manbalarida ishlovchi avtomobillar (elektromobil va gibridlar) sifati bo‘yicha 2025-yilgi tadqiqoti e’lon qilindi. Bu haqda Carnewschina nashri xabar berdi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, eng ommabop brendlar yetakchilikni boy berdi, yangi nomlar esa yuqori o‘rinlarni egalladi.
So‘rovnoma doirasida 57 ta avtomobil brendi va 5,7 mingdan ortiq avtomobil egalari qatnashdi. Ishtirokchilar mashinalaridan kamida ikki oy, ko‘pi bilan bir yil foydalangan.
Mutlaq yetakchi — Aito M9
Reytingning mutlaq yetakchisi Huawei ishtirokida ishlab chiqilgan Aito M9 modeli bo‘ldi. U bir vaqtning o‘zida bir nechta toifada eng yaxshi natijani qayd etdi. O‘rta va yirik SUV segmentida Aito M9, M8 va M7 ilk uchlikni egallab, Li Auto L8 va Voyah Free kabi mashhur modellarni ortda qoldirdi.
Krossoverlar va sedanlar
Kompakt va o‘rta o‘lchamdagi krossoverlar orasida BYD brendi baribir TOP-5 ga kira oldi. Ro‘yxatdan Seal 05 EV, Atto 2 va Atto 3, shuningdek Avatr 07 va Tesla Model Y joy oldi.
Sedanlar segmentida esa yetakchilikni Tesla Model 3 saqlab qoldi. Undan keyingi o‘rinlarda Nio Firefly, BMW i3, Geely Galaxy EX2 va BYD Seal 06 GT qayd etildi.
Xiaomi va yangi brendlar kutilmagan yetakchiga aylandi
O‘rta va yirik sedanlar toifasida Xiaomi SU7, Luxeed S9 va IM L6 eng yuqori uchlikka kirdi. Mutaxassislar bu natijani kutilmagan deya baholamoqda, chunki mazkur brendlar hali bozorda nisbatan yangi bo‘lsa-da, sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha ko‘plab mashhur raqobatchilarni ortda qoldirdi.
Eng sifatli brendlar reytingi (sifat xavfi indeksi):
- Aito – 123
- Mercedes-Benz – 126
- Tesla – 146
- Nio Firefly – 146
- Xiaomi – 147
- BMW – 163
- Audi – 172
- Nio – 175
- Voyah – 179
- Avatr – 180
Mashhur brendlar pastda qoldi
Qiziqarli jihati shundaki, Li Auto, Zeekr va BYD kabi savdosi yuqori brendlar sifat bo‘yicha TOP-10 ga kira olmadi. Changan’ning subbrendi Deepal esa reytingning eng quyi pog‘onalaridan joy oldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy elektromobillari qanchalik ishonchliligi haqida yozgandi.