9-fevral kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi

Bugun, 9-fevral kuni O‘zbekiston hududlarida ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Kunduzi respublikaning ayrim joylarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida esa yog‘ingarchilik kutilmayapti. Ba’zi hududlarda tuman tushishi mumkin.
Shamol asosan 7–12 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 13–18 m/s gacha, ba’zan esa 20–25 m/s gacha kuchayishi ehtimoli bor. Havo harorati kunduzi 12–17° iliqni tashkil etadi, shimoliy hududlarda esa 3–8° iliq bo‘ladi.
Poytaxtda kechga tomon yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Shamol 3–8 m/s tezlikda esadi, ayrim paytlarda 10–12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 14–16° iliq atrofida bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik kuzatiladi — yomg‘ir va qor yog‘ishi, ayrim joylarda kuchli bo‘lishi mumkin. Qor ko‘chishi xavfi mavjud. Shamol tezligi 7–12 m/s, ba’zi joylarda 15–20 m/s gacha kuchayadi. Harorat 0–5° iliq bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 8-fevral kuni qanday ob-havo kuzatilgani haqida yozgandi.