
Apple kompaniyasi CarPlay tizimini sun’iy intellekt chat-botlari bilan moslashtirish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Apple CarPlay ichida sun’iy intellekt chat-botlari ilovalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Bu o‘z navbatida foydalanuvchilarga avtomobilda istalgan SI chat-botlari bilan muloqot qilish imkonini yaratadi.
Apple’ning yangi avlod CarPlay Ultra tizimi esa markaziy sensorli ekran va haydovchi oldidagi raqamli panelni ham o‘z ichiga oladi. Bu tizim foydalanuvchilarga avtomobilning ayrim sozlamalarini boshqarish imkonini ham beradi.
Ushbu yangilanish orqali Google’ning Gemini, Anthropic’ning Claude va OpenAI’ning ChatGPT kabi chat-botlarni avtomobil ichida ishlatish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, Apple’ning Siri yordamchisi ham o‘rnini saqlab qoladi.
Apple CarPlay iPhone’da ishlaydigan va avtomobilning infotainment tizimi bilan simsiz bog‘lanadigan ilova bo‘lib, foydalanuvchining telefonidagi ba’zi ilovalarni avtomobil ekraniga chiqaradi. Haydovchilar Apple Music, xabarlar va navigatsiya kabi ilovalar bilan Siri ovoz yordamchisi orqali o‘zaro muloqot qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple so‘nggi chorakda rekord darajada daromad olgani haqida yozgan edik.