Yangiliklar

Aqlli Siri tizimiga ega iOS 26.4 beta fevral oxirida taqdim etiladi

iOS 26 tizimining navbatdagi yangilanishi Google bilan hamkorlikda ishlangan
Foto: Bez Kabli

Apple kompaniyasi iOS 26.4 dasturchilar uchun beta-versiyasini 23–27-fevral kunlari chiqarishi kutilmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Yangilanishning asosiy xususiyati Google kompaniyasining Gemini sun’iy intellekti asosida yaratilgan aqlli Siri hisoblanadi. Foydalanuvchilar ushbu yordamchining yangi imkoniyatlarini ilk bor aynan beta-versiyada sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Biroq barcha funksiyalar birdaniga ishga tushmasligi, ular kichik yangilanishlar orqali bosqichma-bosqich qo‘shib borilishi aytilmoqda.

Foto: rozetked.me

Shuningdek, Apple kompaniyasining 2026-yil boshidagi rejalari ham ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, yaqin orada iPhone 17e, yangi iPad planshetlari va iPhone protsessori o‘rnatilgan MacBook noutbuklari taqdim etilishi kutilmoqda.

iOS 26.4 operatsion tizim uchun eng yirik yangilanish bo‘lishi kutilmoqda. Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, keyingi jiddiy o‘zgarishlar iOS 27 da kuzatiladi. Unda Siri to‘liq ChatGPT va Gemini analogiga aylantirilishi taxmin qilinmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple Siri’ni to‘liq chat-botga aylantirishi haqida xabar bergan edi.