Avto

AQShda Kia elektromobillari savdosi keskin pasaydi

Umumiy sotuvlar 64,5 mingta avtomobilni tashkil etdi
AQShda Kia elektromobillari savdosi keskin pasaydi
Foto: Kia

AQShda bir qator Kia elektromobillari savdosi keskin pasaydi. Bu haqda Carcoops nashri ma’lum qildi. Umumiy sotuvlar 64,5 mingta avtomobilni tashkil etib, bu o‘tgan yildagiga nisbatan 13 foizga ko‘p bo‘ldi. Biroq elektromobillar segmentida keskin pasayish qayd etildi.

Kia EV6 modeli savdosi bir yil ichida 65 foizga tushdi. Yanvar oyida atigi 540 ta avtomobil sotildi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 1,5 mingta edi. EV9 modeli savdosi ham 45 foizga kamayib, 674 donani tashkil etdi. Asosiy sabablardan biri sifatida $7,5 ming miqdoridagi federal soliq imtiyozining bekor qilinishi ko‘rsatilmoqda.

Foto: Gonzo Motors

Elektromobillar fonida an’anaviy modellar yuqori natija qayd etdi. Eng ko‘p sotilgan model Kia Sportage bo‘lib, qariyb 14 ming dona sotildi va o‘sish 23 foizni tashkil etdi. Kia Niro savdosi 163 foizga oshib, 3,1 ming donaga yetdi. Seltos modeli 85 foizga, Carnival miniveni esa 60 foizga o‘sdi. K4 va K5 sedanlari, shuningdek, Telluride krossoveri barqaror savdoni saqlab qoldi.

Kia America rahbariyati elektromobillardagi pasayishga qaramay optimistik kayfiyatda. Kompaniya savdo bo‘yicha vitse-prezidenti Erik Uotsonning aytishicha, Kia muvaffaqiyatining asosi muvozanatli model qatoridir. Brend elektromobil, benzinli va gibrid avtomobillarni parallel rivojlantirishga tayandi. Yaqin rejalarda 2027-yilgi yangilangan Telluride gibrid versiyasi va yangi K4 xetchbekini taqdim etish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Kia kompaniyasi haydovchilar talabi sabab avtomobillar interyerida jismoniy tugmalarni saqlab qolishi haqida yozgan edi.