Yangiliklar

Benzin o‘rniga metanolda ishlaydigan yangi Geely gibrid sedani taqdim etildi

Geely Galaxy Star 6 sedani
Foto: Autohome

Geely kompaniyasi Geely Galaxy Star 6 sedanining noodatiy — metanolda ishlovchi gibrid versiyasini ishlab chiqdi. Bu haqda Autohome nashri xabar berdi.

Xitoy Sanoat va axborotlashtirish vazirligi katalogida paydo bo‘lgan ma’lumotlarga ko‘ra, avtomobil Methanol PHEV turidagi ulanuvchi gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlanadi.

Metanolda ishlaydigan gibrid tizim

Yangi kuch qurilmasi:

  • 1,5 litrli, 126 ot kuchiga ega ichki yonuv dvigatelidan
  • elektromotordan iborat bo‘lib, dvigatel benzin emas, metanol (metil spirti)da ishlaydi.
Foto: Autohome

Energiya zaxirasi sifatida litiy-temir-fosfat (LFP) akkumulyatori qo‘llanilgan. Bunday texnologiya yoqilg‘i xarajatlarini kamaytirish va ekologik ta’sirni pasaytirishga qaratilgan.

Dizayn va o‘lchamlar

Tashqi ko‘rinishi jihatidan metanolli Galaxy Star 6 oddiy benzinli gibrid versiyadan deyarli farq qilmaydi. Avtomobilning gabaritlari quyidagicha:

  • Uzunligi — 4806 mm;
  • Kengligi — 1886 mm;
  • Balandligi — 1490 mm;
  • G‘ildirak bazasi — 2756 mm.

Sedan klassik mexanik eshik tutqichlari bilan jihozlanadi. Komplektatsiyaga qarab, 16 yoki 17 dyuymli g‘ildirak disklari taklif etiladi.

Foto: Xitoy Sanoat va axborotlashtirish vazirligi

Qachon sotuvga chiqadi?

Metanolda ishlovchi Geely Galaxy Star 6 modelining Xitoy bozoridagi rasmiy savdosi yaqin vaqt ichida boshlanishi kutilmoqda. Narxlar va texnik tafsilotlar keyinroq e’lon qilinadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri Geely O‘zbekistonda uchta krossoveri narxlarini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek, Geely Monjaro’ning gibrid varianti qanday ko‘rinishga egaligi haqida ham xabar bergandi.