Crypto.com egasi 70 million dollarga domen sotib oldi

Crypto.com asoschilaridan biri va bosh direktori Kris Marshalek AI.com brendi ostida AI agentlari uchun yangi platformani ishga tushirdi, u domenni $70 millionga sotib olgan. Bu haqda Financial Times xabar berdi.

Yangi kompaniya bu bitim «domen tarixidagi eng yirik bitim» ekanini da’vo qilmoqda. Gizmodo portalining ta’kidlashicha, ilgari ham kattaroq, xabar qilinmagan bitimlar bo‘lgan. Tarixan, eng qimmat domen nomi Cars.com deb hisoblangan, chunki uning 2014-yildagi sotib olinishi bilan bog’liq moliyaviy hisobotlarda veb-sayt $872,3 millionlik nomoddiy aktiv sifatida ko‘rsatilgan.
AI.com domenining sotuvchisi GetYourDomain.com platformasi. Shunisi e’tiborga loyiqki, domenning sotilishi 2025-yilning mart oyida e’lon qilingan edi. O‘sha paytda sotuvchi buning uchun $100 million so‘ragan edi. Shunday qilib, domenning qiymati atigi bir yil ichida 30 foizga pasaydi.
Matbuot bayonotiga ko‘ra, AI.com platformasi foydalanuvchilarga o‘z nomidan ishlaydigan shaxsiy AI agentlarini yaratishga imkon beradi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu AI agentlari xabarlar yuborishi, loyihalar yaratishi, aksiyalar bilan savdo qilishi va hatto tanishuv profillarini yangilashi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, barcha foydalanuvchi agentlari foydalanuvchiga xos kalitlardan foydalangan holda ma’lumotlarni shifrlash bilan maxsus, xavfsiz muhitda ishlashini qo‘shimcha qiladi.
AI.com bosh sahifasida hozirda Super Bowl reklamasidan so‘ng platforma rasman ishga tushirilishi rejalashtirilgan 9-fevralgacha bo‘lgan vaqtni ko‘rsatmoqda.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston milliy UZ domen zonasida yangi rekord qayd etilgani haqida yozgandi.