Yangiliklar

Dunyoning eng yirik 10 ta eksklyuziv iqtisodiy zonasi qaysi

Bunday zonalardan foydalanish qoidalari BMT konvensiyasi bilan belgilanadi
Foto: Wikipedia

Eng katta eksklyuziv iqtisodiy zonaga Fransiya ega. Bu haqda Naked Science ma’lumotlarida keltirilgan.

Eksklyuziv iqtisodiy zona – bu davlat qirg‘og‘idan 200 dengiz mili (370 kilometr) masofagacha cho‘zilgan dengiz hududi hisoblanadi. Infografikada eng yirik eksklyuziv iqtisodiy zonalarga ega bo‘lgan davlatlar ko‘rsatilgan.

Infografika: Wikipedia

Eksklyuziv iqtisodiy zonalarda davlatlar tabiiy resurslarni qidirish va ulardan foydalanish bo‘yicha eksklyuziv huquqlarga ega bo‘ladi. Ular sun’iy orollar va inshootlar qurish va ulardan foydalanish, ilmiy tadqiqotlar olib borish huquqiga ega. Shuningdek, dengiz muhitini muhofaza qilish va saqlash majburiyatini ham zimmasiga oladi.

Boshqa davlatlar esa ushbu zonalarda erkin suzish va parvoz qilish huquqiga ega. Shuningdek, suvosti kabellari va quvurlarini yotqizishi mumkin.

Eksklyuziv iqtisodiy zonasi katta davlatlar

Eng katta eksklyuziv iqtisodiy zonaga Fransiya ega. Bu, avvalo, uning dengizorti hududlari bilan bog‘liq. Fransiyaning eksklyuziv iqtisodiy zonasi maydoni 11,691 mln kvadrat kilometrni tashkil etadi.

Eksklyuziv iqtisodiy zonasi maydoni bo‘yicha yetakchilar qatorida AQSh (11,351 mln kvadrat kilometr) va Avstraliya (8,505 mln kvadrat kilometr) ham bor. Rossiya ushbu reytingda 7,566 mln kvadrat kilometr maydon bilan to‘rtinchi o‘rinda joylashgan. Kuchli o‘ntalikka, shuningdek, Buyuk Britaniya, Indoneziya, Kanada, Yaponiya, Yangi Zelandiya va Chili kirgan.

Eksklyuziv iqtisodiy zonalardan foydalanish qoidalari BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasi bilan belgilanadi. Shu bilan birga, ayrim holatlarda zonalar chegaralari yoki boshqa davlatlarning mazkur hududlardagi faoliyati yuzasidan davlatlar o‘rtasida nizolar kelib chiqadi.

Masalan, AQSh va Xitoy xorijiy qurolli kuchlarning eksklyuziv iqtisodiy zonadagi razvedka faoliyatini tartibga solish huquqini turlicha talqin qiladi. Ko‘plab davlatlar fikricha, konvensiyaga ko‘ra, qirg‘oqbo‘yi davlatlar qirg‘oqdan 12 dengiz milidan tashqarida joylashgan hududlarda xorijiy harbiy faoliyatni tartibga solish huquqiga ega emas. Xitoy talqiniga ko‘ra esa, davlatlar xorijiy harbiy faoliyatni eksklyuziv iqtisodiy zonaning butun hududi bo‘ylab tartibga solish huquqiga ega.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 2026-yilda 6 foiz atrofida bo‘lishi kutilayotgani haqida yozgandi.