Yangiliklar

Farg‘onada 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etiladi — foto

Vision International Investment Company tomonidan
Farg‘onada 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etiladi
Farg‘onada 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etiladi Foto: SSV

Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona quriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, vazirlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida mazkur loyiha bo‘yicha tender jarayonlarini yakunlagan. Tender g‘olibi sifatida barcha texnik talablarga javob bergan va eng maqbul moliyaviy taklifni taqdim etgan Vision International Investment Company (Saudiya Arabistoni) hamda KOC Construction Mekanik Elektrik MCHJ FE (O‘zbekiston) konsorsiumi e’lon qilindi.

Foto: SSV

Tender g‘olibiga O‘zbekistonda loyiha kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazish va tender natijalari rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 30 kun ichida Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan shartnoma imzolash taklif etilgan.

Shartnomaga muvofiq, investor uch yil ichida ishga tushiriladigan 800 o‘rinli zamonaviy shifoxonani xalqaro standartlar asosida loyihalashi, qurishi, moliyalashtirishi hamda zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan to‘liq jihozlashi lozim.

Foto: SSV

Yangi shifoxona Farg‘ona viloyati va unga tutash hududlar aholisi uchun kardiojarrohlik, neyroxirurgiya, organ transplantatsiyasi kabi yuqori texnologiyali uchinchi darajali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, turli ixtisoslashtirilgan muassasalarni bir markazda jamlash diagnostika va davolash samaradorligini oshirib, bemorlarning boshqa hududlar yoki xorijga chiqish zaruratini kamaytirishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tibbiyot rahbarlarini rag‘batlantirish tizimi yangilangani haqida yozgandi.