Yangiliklar

Fransiya kompaniyasi Shohimardondan Dugobaga osma dor yo‘li quradi

2027-yildan foydalanishga topshirish rejalashtirilgan
Fransiya kompaniyasi Shohimardondan Dugobaga osma dor yo‘li quradi / Foto: O‘zA

Fransiyaga tegishi «POMA SAS» kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha menejeri Anton Chudaev Farg‘onaga tashrif buyurib, Farg‘ona tumanining Shohimardon qishlog‘ida zamonaviy turizm maskani, xususan, osma dor yo‘lini barpo etish loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA ma’lum qildi.

Shuningdek, u viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan boshqa hududlardagi istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashdi. Rejalarga ko‘ra, 2027-yildan boshlab Shohimardonga kelgan sayyohlar fransuz osma dor yo‘li orqali Yordon qishlog‘i va Dugoba dam olish hududiga ikki bosqichda yetib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Foto: O‘zA

Ma’lumot uchun, «POMA» (PomaGalski S.A.) kompaniyasi kabel transport tizimlari sohasida yetakchi muhandislik kompaniyalaridan biri hisoblanadi. U osma yo‘llar, funikulyorlar, tog‘-chang‘i kurortlari uchun ko‘tarilish yo‘laklari hamda shaharlar uchun eskalator transport tizimlarini loyihalash, ishlab chiqarish va joriy etish bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda kompaniya 90 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritib, 8 mingdan ziyod loyihani amalga oshirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona barpo etilishi haqida xabar bergan edik.