Yangiliklar

Gonkongda media magnat Jimmi Lay 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Human Rights Watch tashkiloti ushbu hukmni «amalda o‘lim jazosiga teng» deb baholadi
Foto: The Federal

Gonkonglik taniqli demokratiya faoli va Apple Daily gazetasi asoschisi Jimmi Lay milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda ayblanib, 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Lay isyon va xorijiy kuchlar bilan til biriktirishda aybdor deb topilgan. 78 yoshli magnatning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, uning qizi Kler Lay hukmni «shafqatsiz» deb atadi va otasi «panjara ortida nobud bo‘lishi» mumkinligini ta’kidladi. O‘g‘li Sebastyan Lay esa sud qarorini «halokatli» deb baholagan.

Foto: The Guardian

Mazkur hukm Buyuk Britaniya, AQSh va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan keskin qoralandi. Human Rights Watch tashkiloti 20 yillik qamoq muddatini «amalda o‘lim jazosi» deb atadi. Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari esa Layni «hukumatga qarshi fitnachi va xoin» deb ta’riflagan.

Jimmi Lay 2020-yilning dekabr oyidan beri hibsda saqlanmoqda va vaqtining asosiy qismini bir kishilik kamerada o‘tkazgan. U 2019 – 2020-yillardagi demokratiya tarafdorlari namoyishlaridan so‘ng xorijiy hukumatlarni Xitoy va Gonkongga sanksiya qo‘llashga chaqirishda ayblangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Gonkongdagi yong‘inda halok bo‘lganlar soni 90 nafardan oshgani haqida xabar bergan edi.