Haval Raptor Plus qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi

9-fevral 2026 08:43 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Haval Raptor Plus qanday imkoniyatlarga ega
Foto: Autohome

Haval kompaniyasi Raptor yo‘ltanlamasining yangi Haval Raptor Plus nomli modifikatsiyasini tayyorlamoqda. Bu haqda Autohome xabar bermoqda. Yangi talqin standart versiyadan sezilarli darajada kattalashgan.

Raptor Plus tashqi ko‘rinishda brendga xos «kvadrat» dizaynni saqlab qolgan. Shu bilan birga, radiator panjarasi yangilangan. Avtomobilning o‘lchamlari sezilarli darajada oshgan. Uzunligi 4 912 mmga yetgan, g‘ildirak bazasi esa 2 850 mmni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Raptor Plus Toyota Land Cruiser 300 bilan bir darajaga yaqinlashgan.

Foto: Autohome

Salon qismida ham jiddiy yangilanishlar mavjud. Asboblar paneli va multimedia tizimi kattaroq va yuqori aniqlikdagi ekranlar bilan jihozlangan. Uzatmalar qutisi selektori rul ustuniga ko‘chirilgan, natijada markaziy tunnelda bo‘sh joy paydo bo‘lgan. Haval asosiy tizimlarni tezkor boshqarish uchun ekran ostida jismoniy tugmalarni saqlab qolgan.

Foto: Autohome

Texnik jihatdan Raptor Plus Hi4 gibrid tizimi bilan jihozlanadi. Uning asosida 1,5 litrli, 156 ot kuchiga ega turbomotor ishlaydi. Tortuvchi batareya litiy-temir-fosfat turiga mansub bo‘lib, versiyasiga qarab avtomobil faqat elektr rejimida 103 kmdan 191 kmgacha masofani bosib o‘ta oladi. Maksimal tezlik 190 km/soat bilan cheklangan.

Haval Raptor Plus’ning bozorga rasmiy chiqishi yaqin vaqt ichida kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan HAVAL H9 taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek