Hindiston Rossiya neftidan voz kechmoqda

Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari AQSh bilan savdo bitimini imzolash maqsadida mart va aprel oylari uchun Rossiya neftini xarid qilishdan o‘zini tiymoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Indian Oil, Bharat Petroleum va Reliance Industries korporatsiyalari treyderlarning Rossiya neftini yetkazib berish bo‘yicha takliflarini rad etmoqda. Manbalarga ko‘ra, ushbu qaror Nyu-Dehli va Vashington o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish rejasiga bevosita bog‘liq.
Garchi rasmiy Nyu-Dehli importni to‘liq to‘xtatish haqida bayonot bermagan bo‘lsa-da, Tashqi ishlar vazirligi «energiya manbalarini diversifikatsiya qilish strategiyasi» ustuvor ekanligini ma’lum qildi.

Donald Tramp 6-fevral kuni Hindiston tovarlariga nisbatan joriy etilgan 25 foizlik tariflarni bekor qildi. U buni Hindistonning «Rossiya neftini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita import qilishni to‘xtatish» bo‘yicha majburiyati bilan izohladi. Rossiya kapitali ishtirokidagi yagona yirik xaridor — Nayara zavodi esa aprel oyida rejalashtirilgan bir oylik ta’mirlash ishlari tufayli importni vaqtincha to‘xtatadi.
Tahlilchilarning prognoziga ko‘ra, Hindistonning Rossiya neftini import qilish hajmi mart oyiga kelib kuniga 1 mln barreldan kamayishi kutilmoqda. Kelgusida bu ko‘rsatkich 500–600 ming barrelgacha tushishi mumkin. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili o‘rtacha ko‘rsatkich 1,7 mln barrelni, 2025-yil o‘rtalarida esa 2 mln barrelni tashkil etgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi Rossiya gazini taqiqlashning yakuniy muddatini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.