Sport

Husanov haqiqiy jangchi — Pep Gvardiola

Foto: mancity.com

8-fevral kuni Angliya Premyer-ligasining 25-turi doirasida «Manchester Siti» safarda «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Enfildda kechgan uchrashuvdan so‘ng «shaharliklar» bosh murabbiyi Pep Gvardiola o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov haqida iliq fikrlar bildirdi.

O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Gvardiola futbolchining ingliz futbolidagi moslashuv jarayoni va maydondagi harakatlariga yuqori baho berdi.

«U birinchi marta «Enfild»da o‘ynadi. O‘zbekistondan keldi, Fransiyada bor-yo‘g‘i yarim yil o‘tkazdi va allaqachon shunday darajani ko‘rsatmoqda», — dedi mutaxassis.

Murabbiy himoyachining raqibning yetakchi hujumchilariga qarshi o‘yinini alohida ta’kidlab o‘tdi.

«Bu yerda ilk bor maydonga tushib, Muhammad Saloh va Ekitike kabi futbolchilarga qarshi ajoyib o‘ynadi. To‘p bilan ham, to‘psiz ham. Qanday iste’dod — u haqiqiy jangchi», — deya qo‘shimcha qildi Gvardiola.

Foto: The Sun

Eslatib o‘tamiz, uchrashuvning 61-daqiqasida Husanov Donnarumma bilan to‘qnashib ketgan edi. To‘qnashuvdan so‘ng murabbiylar shtabi tavakkal qilmaslikka qaror qilib, ehtiyot chorasi sifatida uni Ruben Diashga almashtirdi. Ushbu g‘alaba «Manchester Siti» uchun chempionlik poygasida muhim ahamiyat kasb etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekiston Abduqodir Husanov «Manchester Siti» bilan Liga kubogi finaliga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.