Avto

Kia Sportage va Hyundai Tucson: qaysi biri yaxshi

Osma tizim masalasi ham bahsli bo‘lgan
Kia Sportage va Hyundai Tucson: qaysi biri yaxshi
Foto: Auto Express

Qozog‘istonlik bloger Threads ijtimoiy tarmog‘ida yangi krossover tanlash bo‘yicha maslahat so‘radi. U Hyundai Tucson va Kia Sportage o‘rtasida ikkilanayotganini yozgan. Mavzu ostida ko‘plab fikrlar bildirildi va muhokamalardan umumiy xulosa shakllandi.

Narx va platforma

Muhokama vaqtida har ikki model aksiyalarni hisobga olgan holda taxminan 13 mln tenge narxdan ($26 ming) boshlanayotgani aytildi. Hyundai Tucson ham, Kia Sportage ham Hyundai Motor Group’ning yagona platformasida qurilgan. Ular o‘xshash dvigatellar va uzatmalar qutisidan foydalanadi. Shunga qaramay, foydalanuvchilar bu avtomobillarni to‘liq bir xil deb hisoblamaydi.

Foto: AutoReport

Tashqi ko‘rinish

Izohlarga ko‘ra, Hyundai Tucson ko‘proq sokin va oilaviy avtomobil sifatida qabul qilinadi. Kia Sportage esa yorqin dizayni va dinamik ko‘rinishi bilan ajralib turadi. Ayrim avto ishqibozlari tashqi detallarga ham e’tibor qaratgan. Masalan, Tucson’da burilish chiroqlari orqa bamperga juda past joylashtirilgani alohida qayd etilgan.

Ishonchlilik va ekspluatatsiya

Foydalanuvchilarning shaxsiy tajribasi ham o‘rtoqlashildi. Ayrimlar Qozog‘istonda yig‘ilgan Sportage’ni uzoq yillardan beri muammosiz haydab kelayotganini yozgan. Shu bilan birga, ikki litrli dvigatellar bo‘yicha tanqidiy fikrlar ham bildirildi. Ba’zi izohlarda dvigatel muammolari 30 ming km atrofida yuz berishi mumkinligi ta’kidlanib, kafolatdan chiqarmaslik tavsiya etilgan.

Kia Sportage va Hyundai Tucson: qaysi biri yaxshi
Kollaj: Kursiv Media

Osma tizimi va qulaylik

Osma tizim masalasi ham bahsli bo‘lib, ayrim foydalanuvchilar har ikkala modelni ham qattiq sozlangan, yomon yo‘llarda qulay emas, deb baholagan. Boshqalar esa muammolarni kamaytirish uchun kuchliroq dvigatel va 8 pog‘onali avtomat uzatmaga ega yuqori komplektatsiyalarni tanlashni maslahat bergan.

Xitoy brendlari muhokamada ham tilga olingan. Biroq izohlarning katta qismi skeptik ruhda bo‘ldi. Asosiy e’tirozlar avtomobillarning tez qadrsizlanishi va keyinchalik qayta sotish qiyinligi bilan bog‘liq.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng yaxshi Kia avtomobillari haqida yozgan edi.