Yangiliklar

Oʻzbekistonda 2030-yilgacha qariyb 1 mln gektar yangi yaylov va qishloq xoʻjaligi yerlari oʻzlashtiriladi

2026–2027-yillarda 620 ming gektar yaylov tiklanib, 300 ming gektarida yaylov oʻsimliklari ekiladi
Foto: depositphotos.com

Bugun, 9-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʻjaligida yangi yerlarni oʻzlashtirish hamda sohada ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda soʻnggi besh yil davomida irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari orqali 826,5 ming gektar yer qishloq xoʻjaligi aylanmasiga kiritilgani qayd etildi. Ushbu yerlarning 409 ming gektari sugʻoriladigan maydonlar, 418 ming gektari esa lalmi va yaylov hududlar hisobidan oʻzlashtirilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2030-yilgacha yana 938 ming gektar yaylovlarni oʻzlashtirish va ularning holatini yaxshilash rejalashtirilmoqda. Xususan, 2026–2027-yillarda 620 ming gektar yaylov tiklanib, 300 ming gektarida yaylov oʻsimliklari ekiladi, 130 ming gektar hududda quduqlar oʻrnatiladi. Natijada 960 ming bosh mayda shoxli mol boqish imkoniyati yaratiladi.

Davlat rahbari yangi yerlarni oʻzlashtirish jarayonida har bir hudud boʻyicha aniq investor va loyiha asosida ishlash zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ilm-fanini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida sohadagi 22 ta ilmiy markaz, 260 ta laboratoriya va 2,5 mingdan ortiq olim hamda ilmiy xodimlarni yagona Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasiga birlashtirish taklifi bildirildi. Akademiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari sifatida biotexnologiya, gen injeneriyasi, «aqlli» qishloq xoʻjaligi, dron va kosmik texnologiyalar, sogʻlom tuproq, organik dehqonchilik hamda oziq-ovqat xavfsizligi belgilandi.

Taqdimotda kadrlar tayyorlash masalasiga ham eʼtibor qaratilib, Toshkent davlat agrar universitetida tahsil olayotgan talabalarni ishlab chiqarish va ilmiy tadqiqotlar bilan bevosita bogʻlash, amaliyot hajmini kengaytirish rejalari maʼlum qilindi.

Bundan tashqari, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan samarasiz yerlar hisobidan intensiv bogʻ va tokzorlar tashkil etilishi natijasida 2027-yildan boshlab yiliga $660 millionlik meva-sabzavot eksport qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston va Misr o‘rtasida kartoshka yetishtirish bo‘yicha memorandumlar imzolangani haqida yozgandi.