
Olmaotada 1-mayga qadar haydovchisiz taksi xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki bosqichda shaharda 50 ta haydovchisiz avtomobil qatnay boshlaydi. Bu haqda shahar raqamlashtirish boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Meyram Duysekovga tayanib xabar berdi Kursiv Media.
«Eng yirik loyihalardan biri — haydovchisiz transport bo‘yicha pilot dasturni ishga tushirish. Yandex Kazakhstan kompaniyasi bilan hamkorlikda 2026-yil 1-mayga qadar 50 ta haydovchisiz avtomobilni tarmoqqa chiqarish rejalashtirilgan», — deydi u.
Shuningdek, Olmaotada aqlli transport tizimi ham faol rivojlanmoqda. Jamoat transporti harakati dispetcherlik orqali nazorat qilinadi, avtobuslar videokamera va GPS-trekerlar bilan jihozlangan.
ONAY ilovasi orqali yagona elektron to‘lov tizimi ishlamoqda. Yaqin vaqtda bank kartalari, shuningdek Apple Pay va Samsung Pay orqali to‘lov qilish imkoniyati ham joriy etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan PayPal, Apple Pay va Google Pay kabi xalqaro to‘lov tizimlariga yo‘l ochuvchi qonun ma’qullangani haqida xabar bergandi.