Yangiliklar

O‘qituvchilarga milliy sertifikat olish uchun subsidiya ajratiladi

Sarflangan mablag‘larning 50 foizi qoplanadi
2+6 dasturi doirasida til o‘rganishga subsidiya ajratiladi
Foto: ijtimoiy tarmoq

O‘qituvchilarga milliy sertifikat olish uchun subsidiya ajratiladi. 2026-yil 1-martdan boshlab ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va bandlik sohasida bir qator yangi tartiblar kuchga kiradi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 1-martdan «mahalla yettiligi» xulosasi asosida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan, I guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi yo‘q oilalarning uy-joylarida devor va tomlarni izolyatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, energiya tejovchi deraza va eshiklar, quyosh panellari yoki geliokollektorlar o‘rnatiladi.

Shu sanadan boshlab og‘ir toifadagi tumanlarda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar yillik 12 foiz stavkada ajratiladi. Shuningdek, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi tuman va shahar hokimi tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.

2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kasbiy ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan subsidiyalar joriy etiladi. Jumladan, o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro miqyosda tan olingan hamda milliy kasbiy sertifikatlarni olish uchun sarflangan mablag‘larning 50 foizi qoplanadi. Bu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga baholash vositalarini xarid qilish xarajatlarining 30 foizi qoplab beriladi. Ushbu kompensatsiya bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan oshmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq maktabga tayyorlov guruhlari majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Bu orqali bolalarni maktabga puxta tayyorlash va ta’limda uzluksizlikni ta’minlash maqsad qilingan.