Yangiliklar

Qarshi xalqaro aeroporti jarimaga tortildi

Bunga 7,5 mlrd so‘mlik xaridlar sabab bo‘lgan
Foto: Uzbekistan Airports

«Qarshi xalqaro aeroporti» MChJ tomonidan qonunbuzilish holati sodir etilgani yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan sud qarori qabul qilindi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaga «Dorkompletsnab» MChJning «Qarshi xalqaro aeroporti» MChJ tomonidan tegishli «Yo‘l qurilish xizmati» bo‘yicha o‘tkazilgan boshlang‘ich qiymati 7,5 mlrd so‘mlik xaridlardan norozi ekani to‘g‘risida murojaat kelib tushgan.

Ushbu holat yuzasidan ishni ko‘rib chiqish natijasida qo‘mita maxsus komissiyasi tomonidan «Qarshi xalqaro aeroporti» MChJ tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan deb topilib, moliyaviy jarima to‘lash tavsiya etilgan. Shuningdek, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf qilish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

«Qarshi xalqaro aeroporti» MChJ tomonidan ushbu qarordan norozi bo‘lib sudga murojaat qilingan, ushbu ish bir necha sud instansiyalarida ko‘rib chiqilib, yakunda Oliy sud Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan aeroport tomonidan qonunbuzilish sodir etilgani haqidagi maxsus komissiyaning qarori qonuniyligi tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining 2026-yil 12-yanvardagi hal qiluv qarori bilan «Qarshi xalqaro aeroporti» MChJ tomonidan qonunbuzilish holati sodir etilgani yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistondagi 10 ta bank jarimaga tortilgani haqida yozgandi.