Yangiliklar

Rossiyada 1-martdan mehnat migrantlarini ishdan bo‘shatish qoidalari o‘zgaradi

2025-yil davomida Moskva viloyati, Krasnodar o‘lkasi, Novgorod va Nijniy Novgorod viloyatlarida shunday cheklovlar joriy qilingan
Foto: TASS

Rossiyada 1-martdan boshlab chet ellik mehnat migrantlarini ishdan bo‘shatish asoslari kengaytiriladi. Bu haqda TASS nashri xabar bermoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, agar muayyan hududda chet el ishchi kuchini jalb qilish bo‘yicha cheklovlar joriy etilsa, ish beruvchilar bunday migrantlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini qonuniy ravishda bekor qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Avval Rossiya Mehnat kodeksida chet el fuqarosi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish faqat federal darajada cheklovlar o‘rnatilgan taqdirda mumkin edi. Endilikda esa bu asoslar ro‘yxatiga hududiy hokimiyatlar tomonidan qabul qilingan qarorlar ham kiritildi.

Tushuntirish xatida qayd etilishicha, 2025-yil davomida Moskva viloyati, Krasnodar o‘lkasi, Novgorod va Nijniy Novgorod viloyatlarida shunday cheklovlar joriy qilingan. Ushbu hududlarda patent asosida ishlayotgan chet el fuqarolarini ayrim faoliyat turlariga jalb qilish taqiqlangan.

Natijada ish beruvchilar murakkab vaziyatga tushib qolgan edi: bir tomondan, cheklovlarga rioya qilinmasa, 1 million rublgacha jarima yoki faoliyatni vaqtincha to‘xtatish xavfi mavjud bo‘lgan, ikkinchi tomondan esa migrantni ishdan bo‘shatish qarori noqonuniy deb topilishi mumkin edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada tibbiy ma’lumotnomani soxtalashtirgan migrantlar 4 yilgacha qamalishi mumkinligi haqida yozgandi.