
8-fevral kuni Sergeli avtomobil bozorida savdo nisbatan sokin bo‘ldi. You Tube’dagi Xurshid Obzor kanali Sergeli avtobozordagi jarayonda video tayyorladi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Cobalt avtomobilining ikkilamchi narxlari haqida so‘z boradi.
Bozorda eng talabgir avtomobil bo‘lgan Chevrolet Cobalt’ning deyarli barcha yillari, komplektatsiyalari va narx segmentlari bo‘yicha variantlar mavjud edi. Bloger tomonidan joyida olingan video aynan real bozor narxlari, sotuvchilar bilan kelishuvlar va avtomobillarning haqiqiy holatini ko‘rsatadi.
2025 – 2026-yilgi Cobalt’lar: yangi variantlar

Bozorda eng qimmat va e’tiborni tortadigan segment 2025 – 2026-yilgi Cobalt avtomobillari bo‘ldi. Aksariyat mashinalar 3 mingdan 12 ming kilometrgacha yurgan, ayrimlari esa umuman yangi holatda taklif qilingan.
2026-yilgi Cobalt MCM va Stay komplektatsiyalarining narxlari $14 mingdan $14,2 minggacha baholangan. Sotuvchilarning aytishicha, real xaridorlar uchun $100 – 200 atrofida kelishuv mumkin. 2025-yilgi Midnight variantlari esa $12,5 ming – $12,8 ming oralig‘ida taklif etildi va bu ko‘rsatkich salon narxiga nisbatan biroz arzon.
2023 – 2024-yillar: eng muvozanatli segment

Bozorda eng faol savdo aynan 2023 – 2024-yilgi Cobalt avtomobillari bilan bog‘liq. Bu mashinalarning probegi, asosan, 20 mingdan 50 ming kilometrgacha.
Narxlar $10,3 mingdan boshlanib, $11,7 minggacha yetadi. Ko‘pchilik variantlarda metan yoki propan gaz tizimi o‘rnatilgan. Sotuvchilar gaz balloni yangi avlodga tegishli ekanini va hujjatlari joyida ekanini ta’kidladi. Bank orqali rasmiylashtirish imkoniyati ham mavjud bo‘lib, naqd xarid qilinganda narx yana $300 – 700 arzonlashmoqda.
2019 – 2022-yillar: budjet variantlar




Eng arzon takliflar 2019 – 2021-yillar Cobalt avtomobillari hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu segmentda narxlar $9,2 mingdan $10,5 minggacha shakllangan.
Probegi 80 mingdan 120 ming kmgacha bo‘lgan mashinalar uchraydi.
Mexanik va avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan variantlar mavjud. Ayrim avtomobillarda mayda bo‘yoq nuqsonlari borligi ochiq aytildi, biroq probeg va texnik holat bo‘yicha sotuvchilar javob berishga tayyorligini bildirdi.

Gaz o‘rnatish masalasidagi muhim ogohlantirish
Video davomida alohida urg‘u berilgan masalalardan biri – metan gaz o‘rnatish sifati bo‘ldi. Bloger ayrim ustalar original ehtiyot qismlar o‘rniga soxta detallardan foydalanishi mumkinligidan ogohlantirgan.
Gaz o‘rnatishda ballon va ulanish tizimlarini sinab ko‘rish, hujjatlari va sertifikatiga e’tibor berish tavsiya qilindi. Ayrim hududlarda, xususan, Gulistonda metan o‘rnatish Toshkentga nisbatan arzonroq ekani ham qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sergeli avtomobil bozoridagi narxlar haqida yozgan edi.
