So‘mning tebranuvchanligi 2025-yilda sezilarli oshdi

eʼlon qilindi
Market-meykerlar soni 2 tadan 5 tagacha ko‘paydi
Ayrim tadbirkorlar 1 yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi
Foto: Facebook

2025-yilda so‘m kursi 6,9 foizga mustahkamlanib, kunlik tebranuvchanlik darajasi ikki barobarga oshdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.

Bank hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda milliy valyuta almashuv kursi dinamikasi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif omillari, umumiy makroiqtisodiy tendensiyalar va tashqi iqtisodiy sharoitlar ta’sirida shakllangan.

Infografika: Markaziy bank

O‘zbekistonda valyuta savdolarini tashkil etishning «metching» usuliga o‘tilgan 2021-yildan 2024-yilgacha bo‘lgan davrda ikki tomonlama tebranuvchanlik o‘rtacha 0,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda 2024-yilga nisbatan 2 barobardan ko‘proqqa oshib, 0,28 foizga yetdi.

2025-yilda so‘mning o‘rtacha standart og‘ishi so‘mda 42,95 ga teng bo‘lgan bo‘lsa, foiz ko‘rsatkichi 0,34 foizni tashkil etdi (2021–2024-yillarda ushbu ko‘rsatkich 24,17 so‘m yoki 0,21 foizga teng bo‘lgan). O‘tgan yil o‘rtacha kurs 12 ming 575 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, yil davomida kursning eng yuqori qiymati 13 004 so‘mga (o‘rtacha kursdan 5,5 foizga yuqori) va eng quyi qiymati 11 ming 881 so‘mga (o‘rtacha kursdan 3,4 foizga past) teng bo‘ldi.

Infografika: Markaziy bank

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning «Valyuta kurs rejimlarini klassifikatsiya qilishning yangilangan tizimi»ga ko‘ra, mamlakatda valyuta kursi 6 oy yoki undan ortiq vaqt davomida markaziy qiymat atrofida ±2 foiz diapazonda shakllansa, XVJ ushbu holatda valyuta kursini erkin suzuvchi (floating) emas, balki barqarorlashtirilgan valyuta kurs rejimi (stabilized arrangement) deb baholaydi.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, so‘m dinamikasi 2025-yilda erkin suzuvchi valyuta kurslari dinamikasini o‘zida aks ettirgan.

Infografika: Markaziy bank

Valyuta kursi ikki tomonlama tebranuvchanligi oshishining asosiy omillaridan biri ichki valyuta bozorida market-meykerlar sonining oshgani hamda ular tomonidan tuzilgan bitimlar hajmining sezilarli darajada ortgani bo‘ldi. Xususan, 2025-yil yakuniga kelib market-meykerlar soni 2 tadan 5 tagacha ko‘paydi.

Hisobotda almashuv kursining mustahkamlanishi natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotida milliy valyutaga bo‘lgan ishonch oshishi bilan bog‘liq bir qator ijobiy makroiqtisodiy tendensiyalar kuzatilayotgani urg‘ulangan.

Masalan, 2025-yilda milliy valyutadagi hisob-kitoblar hamda jamg‘arishning faollashishi hisobiga bank tizimidagi milliy valyutadagi depozitlar hajmi yil boshidan 44 foizga oshib, 240 trln so‘mga yetdi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari mos ravishda 11,5 va 11,1 foizgacha sekinlashdi (yil boshida mos ravishda 14,4 va 13,9 foiz) hamda kutilmalar shakllanishida valyuta kursi omili ikki barobarga qisqardi. Depozit va kreditlarning dollarlashuv darajasida pasayish dinamikasi tezlashdi (kreditlar bo‘yicha 41 foizdan 38 foizgacha, depozitlar bo‘yicha 26 foizdan 22 foizgacha).

Shu bilan bir qatorda, mijozlarning banklarga jami valyuta sotuvi 35 foizga oshib, $47 mlrdga yetdi. Davlat va korporativ tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari o‘rtacha 6-7 foizgacha qisqardi.

Avvalroq «Kursiv» 2026-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistondagi mikromoliya tashkilotlarining jami kredit qoldig‘i 10,8 trln so‘mni tashkil etgani haqida yozgandi.

Shuningdek