Surxondaryoda tuman ekologiya bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi

Surxondaryo Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasining tumanlardan biridagi bo‘limi boshlig‘i pora talab qilgan paytida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mansabdor mahalliy MChJ hududida 14 tup gujum, 6 tup archa, 1 tup tut va 1 tup chinor daraxtlari tegishli ruxsatnomasiz kesilgani bo‘yicha tuzilgan dalolatnomani tabiatga yetkazilgan zararni kamaytirib ko‘rsatish evaziga $500 miqdorida pora talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura departamenti hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Namangan viloyatlarida mansabdor shaxslar pora ustida ushlangan edi.