Toshkentda epidemiologik vaziyat barqaror, karantin joriy etilmaydi — Sanepidqo‘mita

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida go‘yoki karantin joriy etilishi mumkinligi haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Sanepidqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, hozirgi kunda poytaxtda karantin e’lon qilinishiga sabab bo‘ladigan xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror hisoblanadi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda tilga olinayotgan qizamiq, meningit, gepatit, sil va boshqa kasalliklar bo‘yicha ham karantin choralarini joriy etishni talab qiladigan holatlar aniqlanmagan.
Sanepidqo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, qishki mavsumda aholida gripp va O‘RVI bilan kasallanish holatlari mavsumiy tarzda ko‘payishi tabiiy holat hisoblanadi. Shu munosabat bilan ta’lim muassasalarida bolalar salomatligini himoya qilish maqsadida:
- ertalabki filtr (saralash) tadbirlari,
- tana haroratini o‘lchash,
- kasallik belgilari aniqlangan bolalarni vaqtincha ajratish,
- ota-onalarga profilaktik tavsiyalar berish kabi choralar olib borilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, aynan shu profilaktik filtr jarayonlari ayrim fuqarolar tomonidan noto‘g‘ri ravishda karantin sifatida talqin qilingan.
Sanepidqo‘mita fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan xabarlarga ishonmaslikka, faqat rasmiy manbalar orqali beriladigan ma’lumotlarga tayanishga chaqirdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda Nipah virusi aniqlanmagani haqida yozgandi.