
Ijtimoiy tarmoqlarda nikoh marosimi vaqtida kutilmagan holat yuz bergani aks etgan video tarqaldi. Qazaq Press xabariga ko‘ra, kelin mahr sifatida Changan avtomobilini so‘ragach, kuyov marosimni to‘xtatib, xonadan chiqib ketgan. Voqea imom nikoh o‘qiyotgan jarayonda sodir bo‘ldi.
Videoda imom yoshlarga mahrning ahamiyati va uning shariatdagi minimal miqdorini tushuntirayotgani aks etgan. Imomning so‘zlariga ko‘ra, minimal mahr 4,25 gramm oltinni tashkil etadi, bu taxminan 150 ming tengedir(3,7 mln so‘m). Shu paytda kelin o‘z shartini aytib: «Menga mahr sifatida Changan avtomobili kerak», – deya ta’kidlagan.
Ushbu talabdan so‘ng kuyov indamasdan o‘rnidan turib, xonani tark etgan va marosim to‘xtatilgan. Kuyovning bu harakati nafaqat yig‘ilganlarni, balki kelinni ham hayratda qoldirgan. Voqea ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Foydalanuvchilarning bir qismi kelinning talabini haddan tashqari yuqori deb baholagan bo‘lsa, boshqalar kuyovning harakatini zaiflik va mas’uliyatdan qochish sifatida tanqid qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Changan Deepal G318 va S07 modellari ishlab chiqarila boshlangani haqida xabar bergan edi.