Usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi

eʼlon qilindi
Yuqori daromadli mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan usta dehqonlarga har 10 ta xonadonni ixtisoslashtirgani uchun 2 mln so‘m ajratiladi
Foto: Pexels

O‘zbekistonda usta dehqonlarga 75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga ko‘ra, Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan yangi subsidiyalar joriy etiladi. Yuqori daromadli mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan usta dehqonlarga har 10 ta xonadonni ixtisoslashtirgani uchun 2 mln so‘m ajratiladi. Agar mahalladagi xonadonlarning kamida 30 foizi ixtisoslashtirilsa, subsidiya miqdori 75 mln so‘mgacha yetadi.

Shuningdek, tomorqa va ijara yerlaridagi samarasiz eski bog‘larni rekonstruksiya qilish va yangi bog‘lar barpo etish ham qo‘llab-quvvatlanadi. Sertifikatga ega mevali ko‘chat xaridida xarajatning 50 foizi qoplanadi. Bunda har bir ko‘chat uchun yordam puli meva turiga qarab 30 ming so‘mdan oshmaydi. O‘rnatiladigan ustunlar uchun ham xarajatning yarmi, maksimal 70 ming so‘mgacha subsidiya beriladi.

Sug‘orish tizimlarini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Har bir sotix uchun yomg‘ir suvini yig‘ish yoki tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatishga 160 ming so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududlarda esa tomorqa va ijara yerlarini sug‘orish uchun tik quduqlar burg‘ilash hamda kamida 10 kVt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining 70 foizi qoplanadi. Bunda subsidiya miqdori 200 mln so‘mdan oshmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri suv tejovchi texnologiyalar bo‘lmagan yerlar uchun soliq ikki barobar oshirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek