
CarNewsChina nashri yangi taqdim etilgan Zeekr 9X avtomobili bilan test-drayv o‘tkazdi. Model keng salon, kuchli gibrid texnologiya va murakkab shassi yechimlari bilan bevosita hashamatli SUV bozoriga yo‘naltirilgan.
Mundarija:
Tashqi ko‘rinish va o‘lchamlar
Zeekr 9X klassik to‘liq o‘lchamli SUV proporsiyalariga ega. Korpus uzunligi 5239 mm, eni 2029 mm, balandligi 1819 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 3169 mmga teng. Uzun kuzov va baland tom qismi avtomobilga yo‘lda kuchli vizual ta’sir beradi.

Model ikki kamerali pnevmatik osma tizimi bilan jihozlangan. Bu tizim yo‘l holatiga qarab klirensni keng diapazonda sozlash imkonini beradi. Natijada avtomobil shahar sharoitida qulaylikni, yo‘ldan tashqarida esa funksionallikni ta’minlaydi.
Old qismda vertikal yo‘nalishdagi, sharshara uslubidagi radiator panjarasi joylashgan. Yoritish tizimi matritsali faralar va piksel yoritish modullari bilan birlashtirilgan. Disklar 20 dan 22 dyuymgacha taklif etiladi. Sinov avtomobili 22 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlangan.

Orqa qismda ikki qismli ochiladigan bagaj eshigi qo‘llanilgan. Bu yechim yuklashni ham, tashqarida dam olishni ham qulaylashtiradi. Eshik tutqichlari klassik ko‘rinishda saqlangan bo‘lib, elektron va mexanik zaxira mexanizmiga ega.
Salon va qulaylik
Zeekr 9X intereri minimalizmga emas, balki makon va foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan. Salon olti o‘rindiqli konfiguratsiyada taqdim etiladi. O‘rindiqlar keng sozlanadi va turli holatlarga moslashadi.

Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar tashqi tomonga burilishi mumkin. Bu salon ichiga kirib-chiqishni ancha yengillashtiradi. Uchinchi qator mustaqil sozlamalar va alohida qulaylik funksiyalariga ega. Salon ichida bir nechta raqamli interfeyslar mavjud. Orqa qatorda olinadigan boshqaruv displeyi va katta siljiydigan ko‘ngilochar ekran mavjud.
Ovoz tizimi alohida e’tiborga loyiq. Zeekr 9X Naim’ning 32 karnayli premium audio tizimi bilan jihozlangan. Ko‘p kanalli konfiguratsiya salonni kontsert darajasidagi ovoz bilan to‘ldiradi. Materiallar sifati flagman maqomiga mos. Teri qoplamalar va ko‘p qatlamli dekor elementlari keng qo‘llanilgan.

Haydash taassurotlari
Zeekr 9X plagin-gibrid tizimi ichki yonuv dvigateli va bir nechta elektromotorlarni birlashtiradi. Eng yuqori konfiguratsiyada 70 kVt/soat sig‘imga ega batareya o‘rnatilgan. Bu ko‘rsatkich plagin-gibrid SUV’lar orasida eng yiriklardan biri hisoblanadi.
Past va o‘rtacha tezliklarda avtomobil asosan elektr rejimida harakatlanadi. Bu unga elektromobillarga xos sokinlik va silliqlikni beradi. Tezlik oshganda yoki zaryad kamayganda dvigatel tizimga muloyim tarzda ulanadi. Sozlamalar keskin tezlanishga emas, uzluksiz va barqaror harakatga yo‘naltirilgan.

Og‘irligi 3 tonnadan oshishiga qaramay, Zeekr 9X tezlanish va tormozlanishda barqarorligini saqlaydi. Moment taqsimoti va elektron yordamchilar bunga katta hissa qo‘shadi. Magistral yo‘llarda avtomobil tezkor quvib o‘tishlar va ko‘tarilishlarda ishonchli harakatlanadi.
Shassi ikki kamerali pnevmatik osma va adaptiv amortizatorlarga asoslangan. Bu tizim notekisliklarni samarali yutadi va kuzovning muvozanatini saqlaydi. Rul boshqaruvi barqarorlikka mos sozlangan. Past tezlikda u shaharda qulay manevrni ta’minlaydi. Yuqori tezlikda esa yo‘nalishni aniq ushlab turadi.
Shovqin va tebranish darajasi past. Elektr rejimida dvigatel ovozi deyarli sezilmaydi. Gibrid rejimda esa u bosqichma-bosqich paydo bo‘ladi. Shamol va yo‘l shovqini avtomobil o‘lchamlariga mos darajada.

Zeekr 9X Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining premium SUV segmentida texnologiyalarni qanchalik tez jamlayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Model katta sig‘imli batareya, ilg‘or gibrid tizim va moslashuvchan olti o‘rindiqli salonni bir platformaga jamlagan.
Xitoy bozorida Zeekr 9X narxi 465,9 mingdan 599,9 ming yuangacha baholanmoqda. Bu $67 mingdan $86,3 minggacha bo‘lgan diapazonga to‘g‘ri keladi. Sinovdan o‘tkazilgan ikki elektromotorli versiya flagman va boshlang‘ich variantlar orasida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zeekr 8X avtomobilining chiqishi kechiktirilgani haqida yozgan edi.