2026-yilda Navoiy viloyatida 72 yangi turistik obyekt ishga tushiriladi

eʼlon qilindi
Viloyatga 3,6 mln sayyoh jalb qilinadi
2026-yilda Navoiy viloyatida 72 yangi turistik obyekt ishga tushiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Investitsiya va sanoat rivoji

Hududlarni kompleks rivojlantirish natijasida 2025-yilda yirik korxonalarga bog‘liq bo‘lmagan hududiy investitsiyalar hajmi $1,4 mlrdga yetdi. 2026-yilda bu ko‘rsatkichni $2 mlrdga oshirish rejalashtirilgan.

Viloyatda makroiqtisodiy barqarorlik saqlanib, yalpi hududiy mahsulot 168 trillion so‘mni tashkil etib, 7,7 foizga o‘sdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligi 4,7 foizga, xizmatlar sohasida esa 13,7 foizga oshdi. 161 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, ishsizlik va kambag‘allik darajasi 4,2 foizga tushdi.

Foto: President.uz

Hududiy rivojlanish va sanoat diversifikatsiyasi

Yig‘ilishda har bir tuman va shahar o‘zining solishtirma ustunliklariga ko‘ra rivojlantirilishi zarurligi ta’kidlandi. Nurota va G‘ozg‘onda pardozbop toshlar va turizm sohalari rivojlantirilishi, Tomdi va Uchquduqda tog‘-kon sanoati ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanishi, Navbahorda to‘qimachilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish, Konimexda yaylov chorvachiligini kengaytirish, Zarafshonda zargarlik va axborot texnologiyalari, Karmanada kimyo sanoati va madaniy turizmni rivojlantirish, Navoiy shahrida esa mashinasozlik va servis sohalariga katta e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Shu bilan birga, hududlar kesimida sanoat rivoji nomutanosibligi kuzatilmoqda. Viloyat bo‘yicha jon boshiga sanoat mahsuloti hajmi 177 mln so‘mni tashkil etsa-da, Tomdi, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Qiziltepa tumanlarida bu ko‘rsatkich respublika o‘rtacha darajasidan past. Shu munosabat bilan Nurota va Xatirchi tumanlarida sanoat zonalari va pardozbop toshlar bozorini tashkil etish rejalashtirilgan.

Foto: President.uz

Kadrlar tayyorlash va ta’lim sohasidagi yangiliklar

Viloyatda tog‘-kon va kimyo sanoati uchun kadrlar tayyorlash maqsadida Navoiy raqamli texnologiyalar texnikumida markaz tashkil etiladi. Ta’lim sohasida Navoiy viloyati yetakchi hududlardan biri hisoblanadi. Oliy ta’lim qamrovi 71 foizni tashkil etadi. Yangi o‘quv yilidan boshlab Navoiy va Zarafshon shaharlarida «Bir maktab – bir IT sinf» tamoyili asosida ixtisoslashgan sinflar ochiladi. 100 nafar o‘qituvchi IT va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida malaka oshiradi.

Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik

Viloyatdagi 9 million gektar yaylov resurslari to‘liq ishga solinmaganligi qayd etildi. 2026-yilda xorijdan mayda shoxli mol, zotli tuya va otlar olib kelinadi. Viloyatdagi 3,3 million gektar yaylov loyihaviy yondashuv asosida qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritiladi. Shuningdek, cho‘llanishni bartaraf etishga qaratilgan loyihalar amalga oshiriladi.

Foto: President.uz

Turizmni rivojlantirish

2026-yilda Navoiy viloyatiga 600 ming xorijiy va 3 mln mahalliy sayyohni jalb qilish rejalashtirilgan. Shu maqsadda 72 ta yangi turistik joylashuv vositasi ishga tushiriladi va 500 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Turizm loyihalari viloyatning turli hududlarida amalga oshiriladi. Nurota tumanida «Naqshlar va nurlar» milliy kashtachilik markazi tashkil etiladi, Xatirchi tumanida Langar va Angidon mahallalari turizmga ixtisoslashtiriladi. Nurota va Konimex tumanlaridagi 4 qishloq turizm qishlog‘iga aylantiriladi. Navbahor tumanida «Sarmishsoy» hududida dam olish va ko‘ngilochar maskan yaratish rejalashtirilgan. Karmana shahrida esa «Qadimiy Karmana» madaniyat va turizm markazi tashkil etiladi.

Infratuzilma va ijtimoiy soha

Navoiy, Zarafshon, Uchquduq va Zafarobod shaharlarida 312 kilometr ichimlik suvi va 124 kilometr oqova suv quvurlari 2026 – 2028-yillarda bosqichma-bosqich yangilanadi. Viloyatdagi barcha maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarida zamonaviy sanitariya sharoitlari yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatida atmosfera havosini ifloslantirgan korxona faoliyatiga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilgan edi.

Shuningdek