Gadjetlar

Apple yangi AirPods’larni infraqizil sensorli kamera bilan jihozlaydi

Bu orqali qurilmani imo-ishora bilan boshqarish mumkin bo‘ladi
Apple yangi AirPods’larni infraqizil sensorli kamera bilan jihozlaydi / Foto: Sun’iy intellekt

Apple kompaniyasi keyingi avlod AirPods quloqchinlarini yangi imkoniyatlar bilan jihozlashni rejalashtirmoqda. Yangi model infraqizil (IR) sensorli kameraga ega bo‘ladi, deya yozmoqda Medium.

Bu sensor Face ID tizimidagi TrueDepth texnologiyasiga o‘xshash bo‘lib, quloqchinlarga foydalanuvchi va atrof-muhit bilan interaktiv aloqani kengaytirish imkonini beradi. Infraqizil kamera atrof-muhit tasviridagi o‘zgarishlarni aniqlay oladi. Bu esa havoda imo-ishora orqali qurilmani boshqarish va fazoviy ovoz tajribasini yaxshilash imkonini beradi.

Yangi AirPods’lar Vision Pro garnituralari bilan ishlatilishi mo‘ljallangan bo‘lib, foydalanuvchilar uchun fazoviy ovoz va fazoviy hisoblash ekotizimida yangi funksiyalarni ochadi. Masalan, foydalanuvchi video tomosha qilayotganda boshini ma’lum bir yo‘nalishga bursa, shu yo‘nalishdagi ovoz manbai kuchaytiriladi.

Sensorlar Foxconn tomonidan yetkazib beriladi. Kompaniya yiliga 18 – 20 mln dona sensor ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, ya’ni 9-10 mln juft AirPods quloqchinlariga yetarli bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq HyperOS 3.1 beta-versiyasida AirPods qo‘llab-quvvatlanishi haqida xabar bergan edik.