
Aqlli changyutgichlar va maishiy texnika ishlab chiqarish orqali dunyoga tanilgan Dreame kompaniyasi rasmiy ravishda smartfon bozoriga kirib keldi. Bu haqda Spidersweb nashri xabar berdi.
Brend Polshada o‘tkazilgan taqdimotda bir vaqtning o‘zida uchta modelni namoyish qildi – flagman RS1, yupqa va yengil Air1 hamda budjet toifasidagi E1.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, dastlab Polshada sotuvga chiqariladigan ushbu smartfonlar keyinchalik Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham taklif etiladi. Hozircha qurilmalarning narxlari ochiqlanmadi.
Eng kuchli model – Dreame RS1 eng so‘nggi Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessoriga asoslangan. Smartfon 144 Gts yangilanish chastotasiga ega, hech qanday kesmasiz tekis ekran bilan jihozlangan. Qurilma 7200 mA·soat sig‘imli kremniy-uglerod akkumulyatoriga ega bo‘lib, 90 vattli simli va 80 vattli simsiz tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, RS1 IP69 darajasida chang va suvdan himoyalangan. Kamera tizimi 50 MP + 50 MP + 64 MP sensorlardan iborat.
Qayd etilishicha, Dreame RS1 texnik jihatdan Nubia Z80 Ultra flagman modelining to‘liq nusxasi bo‘lib, faqat nomi o‘zgartirilgan.
Dreame Air1 esa ixcham va nihoyatda yupqa korpusi bilan ajralib turadi. Qurilma MediaTek protsessori asosida ishlaydi, qalinligi atigi 5,9 mm, og‘irligi esa 172 grammni tashkil etadi. Smartfon 5000 mA·soatli batareya va 108 megapikselli kamera bilan jihozlangan.
Budjet segmentidagi Dreame E1 modeli ham e’tiborga loyiq texnik ko‘rsatkichlarga ega. U 120 Gts yangilanish chastotasiga ega AMOLED displey va 108 megapikselli kamera bilan ta’minlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy F70e 5G smartfoni rasman taqdim etilgani haqida yozgandi.