AQShda gapiruvchi to‘tiqush politsiyaga qotilni topishga yordam berdi

eʼlon qilindi
Tergov yakunida ayol erini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilishga uringan, degan xulosaga kelindi
Foto: Daily Mirror

AQShning Michigan shtatida gapiruvchi to‘tiqush jinoyatni fosh etishda muhim dalilga aylandi. Bu haqda Mirror nashri xabar berdi.

Politsiya Martin va Glenna Dyuramlar yashagan uyga yetib kelganida, erkak kishi besh marotaba o‘q yegan holda halok bo‘lgan, uning rafiqasi esa yonida o‘q jarohati bilan og‘ir ahvolda topilgan. Ayol tirik qolgan va tergovchilarga voqea qanday sodir bo‘lganini bilmasligini, kim otganini ko‘rmaganini aytgan.

Dastlab tergov boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Biroq keyinchalik huquq-tartibot idoralari xodimlari uyda yashagan afrikalik kulrang to‘tiqushga e’tibor qaratishdi. Bad laqabli qush tinimsiz ravishda «Otma!» degan so‘zni marhum erkakning ovoziga o‘xshash ohangda takrorlay boshlagan.

Marhumning sobiq rafiqasi va ota-onasi to‘tiqush jinoyat sodir bo‘lgan kechada aytilgan so‘zlarni eslab qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi. Bu holat tergovchilarga yangi yo‘nalish berdi.

Keyinchalik politsiya ayol tomonidan yozilgan bir nechta vidolashuv xatlarini topdi. Shuningdek, er-xotin moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani ham aniqlangan.

Tergov yakunida huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayol erini o‘ldirib, so‘ng o‘z joniga qasd qilishga uringan, degan xulosaga kelishdi. Sud Glenna Dyuramni birinchi darajali qotillikda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fransiyada mushuk 5 oy ichida 250 km yo‘l bosib uyiga qaytgani haqida yozgandi.

Shuningdek