Yangiliklar

Ayollarni «import qilish»ni taklif etgan koreys amaldori partiyadan haydaldi

Chindo okrugi rahbarining demografiyani yaxshilash g‘oyasi keskin tanqidga uchradi
Foto: Bloomberg / Getty Images

Janubiy Koreyaning Chindo okrugi rahbari Kim Xi Su demografik muammolarni hal qilish uchun chet ellik ayollarni «import qilish»ni taklif etdi. Ushbu bayonot ortidan Janubiy Cholla provinsiyasi hukumati rasman uzr so‘radi.

Kim Xi Su Vyetnam yoki Shri-Lankadan kelgan ayollarni qishloq joylaridagi erkaklarga turmushga berish orqali tug‘ilish darajasini oshirish mumkinligini aytgan edi. Vyetnamning Seuldagi elchixonasi bu shunchaki shaxsiy fikr emas, balki migrant ayollarga bo‘lgan munosabat va qadriyatlar masalasi ekanini keskin ta’kidladi.

Amaldor keyinchalik o‘z so‘zlari uchun uzr so‘rab, maqsadi faqat mintaqadagi og‘ir demografik vaziyatga e’tibor qaratish bo‘lganini bildirdi. Biroq bu jamoatchilikdagi tanqid to‘lqinini to‘xtata olmadi. Yakunda Demokratik partiya rahbariyati Kimni o‘z safidan chiqarish uchun ovoz berdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Janubiy Koreyadagi yong‘inda O‘zbekiston fuqarosi bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergan edi.