Yangiliklar

Benzin uchun oylik kompensatsiya 78 ming so‘mga oshirildi

Mazkur kompensatsiya ayrim toifadagi shaxslarga to‘lab beriladi
Foto: Pexels.com

Avtomobil benzini xarajatlari uchun to‘lanadigan oylik pul kompensatsiyasi miqdori yana oshirildi. Bu haqda «Uzbekneftgaz» xabar berdi.

Idoralararo tarif komissiyasi qaroriga ko‘ra, ushbu to‘lov 2026-yilning birinchi choragidan boshlab sezilarli darajada ko‘paytiriladi.

Yangi tartibga muvofiq, hozirgacha 130,6 ming so‘m bo‘lib kelgan kompensatsiya miqdori 208 760 so‘m etib belgilandi. Bu benzinga sarflanadigan xarajatlarning bir qismini qoplashga qaratilgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralaridan biri hisoblanadi.

Amaldagi qonunchilikka binoan, mazkur kompensatsiya ayrim toifadagi shaxslarga avtomobil benzini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar uchun har oy to‘lab beriladi. To‘lovlar nafaqa yoki pensiya bilan bog‘liq tartibda amalga oshiriladi.

Kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar yashash joyi bo‘yicha pensiya va nafaqalar tayinlanadigan vakolatli organlarga murojaat qilishi lozim.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston 2025-yilda 1,2 million tonna benzin ishlab chiqargani haqida yozgandi.