
BMW kompaniyasi AQShda 87,4 ming dona avtomobilni qaytarib olish boshlanganini e’lon qildi. Bunga sabab starter dvigatellarining haddan tashqari qizib ketishi va yong‘in xavfi mavjudligi bo‘ldi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2,0 litrli turbo dvigatelga ega ayrim modellar starter mexanizmidagi ichki detalning kutilmagan darajada yeyilishi sababli dvigatelni ishga tushirmasligi yoki jiddiy qizib ketishi mumkin. Kompaniya hatto avtomobil harakatlanayotgan paytda ham yong‘in chiqish ehtimolini inkor etmayapti. Nosoz starterlar Valeo kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan.
Muammo bo‘yicha tekshiruvlar 2025-yil sentabr oyida boshlangan. Bunga starter dvigatellarida issiqlik shikastlanishi alomatlari kuzatilgan uchta holat sabab bo‘lgan. Muhandislik tahlili davomida elektr rele kamerasida ishqalanish oqibatida material to‘planib qolishi aniqlangan.
Shu sababli, chaqirib olinayotgan barcha avtomobillarda starter dvigateli bepul almashtirib beriladi.
Rasmiy dilerlarga bu haqda 2026-yil 30-yanvarda elektron tarzda xabar berilgan. Avtomobil egalari esa 24-martdan kechiktirmay pochta orqali ogohlantiriladi. Shu kundan boshlab VIN-kodlar orqali qaysi mashinalar recall’ga tushgani aniqlash mumkin bo‘ladi.
Qaytarib olinayotgan modellar orasida BMW Z4 va Toyota GR Supra yetakchi o‘rinda turadi. Ushbu avtomobillar Avstriyaning Graz shahrida joylashgan Magna Steyr zavodida ishlab chiqarilgan. Shuningdek, 3-, 4- va 5-seriyadagi ayrim modellarga, X3 va X4 krossoverlariga ham ta’sir ko‘rsatilgan. Ular AQSh, Germaniya va Meksiyadagi zavodlarda yig‘ilgan.
Mazkur avtomobillar 2021–2024-yilgi modellarga mansub bo‘lib, ishlab chiqarish sanalari 2020-yil noyabridan 2024-yil mayigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. BMW Z4 M40i versiyasining ishlab chiqarilishi 2026-yil mayigacha davom etishi mumkin.
BMW hozirda AQSh bozorida eng arzon chaqirib olinayotgan model sifatida BMW 230i Coupeni ko‘rsatmoqda — uning narxi yetkazib berish xarajatlarisiz $42,2 mingdan boshlanadi (yetkazib berish uchun qo‘shimcha $1,350 olinadi).
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda 44 mingdan ortiq Volkswagen ID.4 elektromobili chaqirib olinishi haqida yozgandi.