
OpenAI kompaniyasi ChatGPT’ning Free va Go obuna rejalaridagi foydalanuvchilar uchun reklamalarni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Tech Crunch ma’lum qildi.
Go rejasi AQShda oyiga $8 turadigan arzon obuna bo‘lib, yanvar o‘rtalarida global miqyosda taqdim etilgan. Boshqa pullik obuna rejalari, jumladan Plus, Pro, Business, Enterprise va Education foydalanuvchilariga reklama chiqmaydi.
Reklamalar foydalanuvchi suhbatlari, oldingi chatlar va oldingi reklamalar bilan bog‘liq ma’lumotlarga asoslanib optimizatsiya qilinadi. Masalan, retsept qidirayotgan foydalanuvchilarga oziq-ovqat yetkazib berish xizmatlari yoki ovqat paketlari reklamalari taqdim etiladi. OpenAI reklamachilarga ayrim umumiy ma’lumotlarni taqdim qiladi.
Foydalanuvchilar reklamalar tarixini ko‘rish, o‘chirish, reklamalarni rad etish va shaxsiylashtirish sozlamalarini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 18 yoshdan kichik foydalanuvchilarga reklamalar ko‘rsatilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq YouTube TV arzonroq va moslashuvchan tarif rejalarini joriy etgan edi.