
2026-yil fevral oyida Chevrolet AQSh bozorida Chevrolet Tahoe modeliga nisbatan bir qator moliyaviy takliflarni ishga tushirdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda. Asosiy imtiyozlar 2025-yilgi Tahoe versiyalariga taalluqli bo‘lib, 2026-yilgi model uchun hozircha chegirmalar mavjud emas.
Mavjud takliflarga ko‘ra, 2025-yilgi Tahoe Premier va High Country komplektatsiyalari uchun $1 ming miqdorida mijoz chegirmasi berilmoqda. Ushbu aksiya panoramali tom oynasi o‘rnatilgan avtomobillarga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, ombordagi 2025-yilgi Tahoe modellari uchun butun mamlakat bo‘ylab lizing dasturlari ham taklif qilinmoqda. Masalan, Tahoe LT 4WD versiyasini 36 oy muddatga oyiga $879 to‘lov evaziga ijaraga olish mumkin. Yillik yurish limiti 10 ming mil etib belgilangan. Shartnoma tuzishda $9,1 ming miqdorida dastlabki to‘lov talab qilinadi. Garov puli olinmaydi.
General Motors xodimlari va ularning yaqinlari uchun alohida lizing varianti ham mavjud. Bu holatda oylik to‘lov $796 bo‘lib, dastlabki to‘lov $9,6 mingni tashkil etadi. Barcha fevral oyi takliflari 2026-yil 2-martgacha amal qiladi.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Chevy Tahoe’ning boshlang‘ich narxi LS komplektatsiyasi uchun $63,4 mingdan boshlanadi. High Country versiyasi esa $81,9 ming baholangan. Ushbu narxlarga yetkazib berish va yig‘im xarajatlari ham kiritilgan.

O‘zbekistonda Tahoe’ning oddiy versiyasi 1,1 mlrd so‘mga ($89,6 ming) baholangan.
2026-yilgi Tahoe’da yangi RST Dark Essentials paketi, Cabin Glance salon kuzatuv kameralari va kredit karta shaklidagi GM Key Card kaliti joriy etildi. Shu bilan birga, model qatoridan ayrim dilerlik opsiyalari olib tashlangan.
Chevrolet ma’lumotiga ko‘ra, Tahoe’ning dvigatel qatori o‘zgarmagan. Xaridorlarga 5,3 litrli V8 benzin dvigateli, 6,2 litrli kuchaytirilgan V8 hamda 3,0 litrli Duramax dizel agregati taklif etiladi.
Fevral oyidagi ushbu moliyaviy takliflar to‘liq o‘lchamli SUV xarid qilishni rejalayotgan mijozlar uchun vaqtinchalik qulay imkoniyat sifatida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tahoe Kanadada qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.