
Chevrolet kompaniyasi Braziliyada elektromobillar qatorini kengaytirmoqda. Kompaniya mamlakatda ilk bor Chevrolet flex-fuel gibrid modellari taqdim etilishini tasdiqladi. Bu haqda GMAutority xabar berdi.
GM’ning Janubiy Amerika bo‘yicha vitse-prezidenti Fabio Ruaning so‘zlariga ko‘ra, yangi gibrid avtomobillar ishga tushirish bosqichiga juda yaqin. U aniq sanani ochiqlamagan bo‘lsa-da, modellar tez orada bozorga chiqishini ta’kidlagan.
Yangi gibridlar Braziliyada noldan ishlab chiqiladi. Loyihada etanol yoqilg‘isida ishlovchi dvigatel va yengil gibrid tizim birlashtiriladi. Shu orqali GM davlat imtiyozlaridan foydalanish va bozor talabiga javob berishni maqsad qilgan.

Braziliya GM uchun muhim bozorga aylanadi. Chunki mamlakat kompaniya tarixida ilk bor mahalliy ishlab chiqilgan flex-fuel gibrid texnologiyasi sotiladigan bozor bo‘ladi. Bu texnologiya etanolga mos dvigatelni 48V mild-hybrid tizimi bilan uyg‘unlashtiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab Chevrolet Tracker va Chevrolet Montana modellari gibrid tizimga ega bo‘ladi. Ular 1,2 litrli turbo uch silindrli dvigatel va 48V elektr qo‘llab-quvvatlash tizimi bilan jihozlanadi.
Yangi gibridlar 2026-yilning birinchi yarmida Braziliyada taqdim etilishi kutilmoqda. Avtomobillar Sao Caetano do Sul zavodida ishlab chiqariladi va mintaqa mamlakatlariga yetkazib beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi va eski Damas modellarini taqqoslagan edi.