
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga direktor tayinlandi, 11-fevral uchun valyutalar kursi — 10-fevralda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Pekin – Toshkent yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi — chipta narxi 50 ming dollar

Buyuk Britaniyaning Golden Eagle Luxury Trains kompaniyasi Pekin – Toshkent yo‘nalishida yangi hashamatli sayyohlik poyezdini yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi. «Buyuk Ipak yo‘li poyezdda» nomli mazkur loyiha 22 kunlik temir yo‘l safari sifatida tashkil etiladi.
Sayohat davomida poyezd Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlaridan o‘tadi. Umumiy masofa 3862 kilometrni tashkil etadi. Marshrut Pekindan boshlanib, Toshkentda yakunlanadi.
Navoiy xalqaro aeroporti markazlashgan boshqaruvdan chiqariladi

Navoiy xalqaro aeroporti markazlashgan operativ boshqaruv tizimidan ajratiladi. Bu haqda prezident qarori e’lon qilindi. Qarorga ko‘ra, 2030-yilga kelib Navoiy xalqaro aeroportida amalga oshiriladigan parvozlar soni 2,3 barobarga oshirilib, yiliga 7 mingtagacha yetkaziladi. Shuningdek, yo‘lovchi tashish hajmi 150 ming nafarga, yuk tashish hajmi esa 45 ming tonnagacha oshirilishi rejalashtirilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga direktor tayinlandi

Prezidenti farmoyishiga binoan, Sohibjon Murodov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Bunga qadar Sohibjon Murodov «Elektron onlayn-auksionlar tashkiloti» AJ direktori sifatida faoliyat yuritgan.
ChatGPT’ning ayrim tarif rejalarida reklamalar paydo bo‘lishi mumkin

OpenAI kompaniyasi ChatGPT’ning Free va Go obuna rejalaridagi foydalanuvchilar uchun reklamalarni sinovdan o‘tkazmoqda. Go rejasi AQShda oyiga $8 turadigan arzon obuna bo‘lib, yanvar o‘rtalarida global miqyosda taqdim etilgan. Boshqa pullik obuna rejalari, jumladan Plus, Pro, Business, Enterprise va Education foydalanuvchilariga reklama chiqmaydi.
Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi: holat tekshirilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahridagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.
Telegramdagi «Nemolchi» kanaliga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchisining o‘limiga maktabda o‘tkazilgan «tarbiyaviy» suhbat sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ota-onalar murojaatida suhbat ichki ishlar xodimlari ishtirokida o‘tganini bildirgan.
Dollar ketma-ket o‘sishdan so‘ng pasaydi: 11-fevral uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

11-fevral uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar 10,35 so‘mga tushib, 12 309,99 so‘mni tashkil etdi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 106,5 so‘mga pasayib, 14 614,39 so‘mni, rubl 0,14 so‘mga pasayib, 159,36 so‘mni tashkil qildi.
Yanvar oyida qaysi kompaniya aksiyalari eng yuqori o‘sishga erishdi

2026-yil yanvar oyida «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da aksiyalar bilan savdolar faol kechdi. Oy yakunlariga ko‘ra, aksiyalar savdosining umumiy hajmi 14,73 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu davrda jami 66,9 mingta bitim tuzildi.
Mazkur davr mobaynida «O‘zsanoatqurilishbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 232,73 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Aloqabank» (+61,36%) va «Ipak yo‘li» (+42,58%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Koronavirus vaksinalari saratonga olib keladi degan gaplar asossiz — SSV

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi emlangan insonlar hayoti xavf ostida ekani, jumladan, ularda saraton kasalligi paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov rasmiy izoh berdi.
Uning ta’kidlashicha, bu kabi xabarlar mutlaqo asossiz. Pandemiya boshlanganidan buyon dunyo bo‘yicha 710 mlndan ortiq odam Covid-19 bilan kasallangan, 7 mlndan ziyod kishi vafot etgan. Agar vaksinalar yaratilmagan va emlash ishlari tizimli olib borilmaganida, bu ko‘rsatkichlar bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin edi.
O‘zbekistonning 3 ta kodeksiga o‘zgartirish kiritish taklif qilinmoqda

Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Qonunchilik palatasi majlisida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.
Qamchibek Tashiyev nega ishdan olindi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevni bosh vazir o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod qildi. Davlat rahbari uni nega ishdan olganiga izoh berdi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Sadir Japarov bu qadamning asosiy maqsadi davlat birligini mustahkamlash va jamiyatda, jumladan, davlat idoralari o‘rtasida bo‘linishlarning oldini olish bo‘lganini ta’kidladi.
Ayollarni «import qilish»ni taklif etgan koreys amaldori partiyadan haydaldi

Janubiy Koreyaning Chindo okrugi rahbari Kim Xi Su demografik muammolarni hal qilish uchun chet ellik ayollarni «import qilish»ni taklif etdi. Ushbu bayonot ortidan Janubiy Cholla provinsiyasi hukumati rasman uzr so‘radi.
Kim Xi Su Vyetnam yoki Shri-Lankadan kelgan ayollarni qishloq joylaridagi erkaklarga turmushga berish orqali tug‘ilish darajasini oshirish mumkinligini aytgan edi. Vyetnamning Seuldagi elchixonasi bu shunchaki shaxsiy fikr emas, balki migrant ayollarga bo‘lgan munosabat va qadriyatlar masalasi ekanini keskin ta’kidladi.
FIFA «Metallurg» klubidan transfer taqig‘ini olib tashladi

Bekobodning «Metallurg» klubi Proligada ishtirok etish uchun qo‘yilgan barcha minimal talablarni bajarib, rasman liga qatnashchilari safiga qaytdi. Klub FIFA oldidagi qarzdorlikni bartaraf etib, transfer taqig‘idan qutuldi.
9-fevral kuni FIFA «Metallurg» klubidan transfer taqig‘ini olib tashladi. Bunga qadar klub Liga talabiga ko‘ra FIFA Legal Portal va FIFA TMS platformalariga kirish huquqini tiklab, legioner futbolchi oldidagi mavjud qarzdorlikni to‘liq bartaraf etgan. Ushbu jarayonlar «O‘zmetkombinat» AJ tomonidan tasdiqlangan yo‘l xaritasi asosida amalga oshirildi.