
Prezidenti farmoyishiga binoan, Sohibjon Murodov Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.
Bunga qadar Sohibjon Murodov «Elektron onlayn-auksionlar tashkiloti» AJ direktori sifatida faoliyat yuritgan.
Agentlikning avvalgi direktori Akmalxon Ortiqov prezident ishtirokidagi yig‘ilishda ishdan olingan. Davlat rahbari agentlikda keng ko‘lamli tekshiruvlar olib borilayotganini ma’lum qilgan. Tekshiruvlar davomida milliardlab so‘mlik talon-torojlik holatlari aniqlangan.

Jumladan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ayrim mansabdor shaxslari bozor qiymati kamida 250 mlrd so‘m bo‘lgan yer uchastkasini yopiq auksion orqali 120 mlrd so‘mga sotib yuborgani ma’lum bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlov amalga oshirilgan edi.