Avto

Geely Atlas REV avtomobili taqdim etildi: tafsilotlar

Yangi model an’anaviy benzinli Atlas oilasi bilan texnik jihatdan bog‘liq emas
Geely Atlas REV avtomobili taqdim etildi
Foto: Geely

Geely Atlas REV nomli yangi gibrid kupye-krossoverini rasman namoyish qilindi. Bu haqda «Kitayskie avtomobili» nashri xabar bermoqda. Yangi model an’anaviy benzinli Atlas oilasi bilan texnik jihatdan bog‘liq emas.

Atlas REV ketma-ket gibrid hisoblanadi. U faqat elektr tortish bilan 375 km masofani bosib o‘ta oladi. Gibrid rejimda esa umumiy yurish zaxirasi 1 525 kmga yetadi. Model ilgari Okavango R7 nomi bilan ommaviy ishlab chiqarishga ruxsat olgan bo‘lib, Livan brendining Livan 7 elektromobili bazasida yaratilgan.

Foto: Geely

Tashqi ko‘rinishda Atlas REV ixcham kupye-krossover formatida ishlangan. Old qismida ikki qavatli optika qo‘llangan, kuzov chizig‘i esa silliq pastga tushadi. Avtomobil haqiqiy eshik tutqichlariga ega. Orqa tomonda yagona LED chiroq chizig‘i va minimalistik bamper mavjud.

Aniq o‘lchamlar ochiqlanmagan. Biroq unga juda yaqin bo‘lgan Okavango R7’ning uzunligi 4 680 mm, eni 1 892 mm, balandligi 1 650 mm edi. G‘ildirak bazasi 2 778 mm. Salon besh o‘rinli bo‘lib, markazda 14,6 dyuymli yirik ekran, rul ortiga ko‘chirilgan uzatma selektori va Flyme Sound audio tizimi joylashgan.

Foto: Geely

Geely ma’lumotiga ko‘ra, Atlas REV’da generator vazifasini 1,5 litrli atmosferali benzin dvigateli bajaradi. Uning quvvati 112 ot kuchini tashkil etadi. Elektromotor va batareya texnik xususiyatlari hozircha oshkor etilmadi.

Avvalroq ma’lum bo‘lishicha, Atlas REV’ning texnik asosiga aylangan Okavango R7 tezkor batareya almashtirish texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Agar bu funksiya yangi modelga ham meros bo‘lib o‘tsa, u almashtiriladigan batareyaga ega ilk gibrid avtomobilga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, ekspertlar gibridlar uchun bunday yechim zarurligi borasida shubha bildirgan.

Foto: Geely

Hozircha Geely Atlas REV’ning bozorga chiqish sanasi va narxi e’lon qilinmagan. Model Atlas nomi ostida joylashtirilgan bo‘lsa-da, u Geely’ning yangi elektr-gibrid strategiyasini aks ettiruvchi alohida yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely O‘zbekistonda uchta krossoveri narxlarini e’lon qilgani haqida yozgan edi.