
Xitoyning Hongqi brendi Hongqi HS6 PHEV modeli bilan yana bir Ginnes rekordini qo‘lga kiritdi. Gibrid SUV past harorat sharoitida qayta yonilg‘i quyilmasdan eng uzoq masofa bosib o‘tgan avtomobil sifatida rekord qayd etdi.
Sinov -20°C dan past haroratda o‘tkazildi. Standart, o‘zgartirilmagan Hongqi HS6 PHEV 1,1 ming km masofani bosib o‘tdi.
Bu HS6 PHEV uchun ikkinchi rekord hisoblanadi. 2025-yil noyabr oyida model to‘liq zaryad va to‘liq bak bilan 2,3 ming km yurib, PHEV SUV’lar orasida eng uzoq masofa bosib o‘tgan avtomobil sifatida e’tirof etilgandi.

Hongqi HS6 PHEV 2025-yil dekabr oyida sotuvga chiqarilgan. Uning Xitoydagi narxi taxminan $25,8 mingdan $33 minggacha. Model 1,5 litrli turbinali gibrid tizim bilan jihozlangan. Benzin dvigatelining quvvati 110 kVtni tashkil etadi.
Old g‘ildirakdan tortuvchi versiyada 168 kVtli elektromotor mavjud. To‘liq tortuvchi versiya esa qo‘shimcha 201 kVtli orqa elektromotorga ega. Batareya sig‘imi 23 va 40 kVt/soatni tashkil etadi. CLTC sikliga ko‘ra, umumiy yurish zaxirasi 1 460–1 650 kmgacha yetadi.
Model 4C tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Batareyani 20 foizdan 80 foizgacha 15 daqiqada zaryadlash mumkin.

HS6 PHEV 5 o‘rindiqli yirik SUV sifatida joylashtirilgan. Uning uzunligi 4 925 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 925 mm. Salonida uchta ekranli panel, Snapdragon 8295P protsessori, Dynaudio audio tizimi mavjud.
Yangi rekord Hongqi’ning gibrid texnologiyalari nafaqat yurish zaxirasi, balki ekstremal iqlim sharoitlarida ham yuqori samaradorlikni ta’minlayotganini ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hongqi HS6 PHEV savdoga chiqqani haqida yozgan edi.