
Infinix kompaniyasi 60 Pro nomli yangi smartfonini namoyish qildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.
Dizayni jihatidan u iPhone 17 Pro Max’ni eslatadi, biroq Xitoy brendi qurilmasi kattaroq batareya va kamera blokiga joylashtirilgan mini-ekran bilan ajralib turadi.
Smartfon orqa panelidagi kamera modulida piksel tipidagi qo‘shimcha ekran joylashgan. U to‘liq displey bo‘lmasa-da, vaqt, havo harorati, bildirishnomalar, zaryadlanish jarayoni kabi ma’lumotlarni ko‘rsatish imkonini beradi. Bu yechim dizayn va funksionallikni uyg‘unlashtirgan noodatiy element sifatida baholanmoqda.
Texnik jihatdan Infinix 60 Pro Snapdragon 7s Gen 4 platformasiga asoslangan bo‘lib, o‘rta yuqori darajadagi unumdorlikni ta’minlaydi. Qurilma 6,8 dyuymli 1.5K aniqlikdagi, 144 Gts yangilanish chastotasiga ega ekran, 6500 mA·soat sig‘imli batareya va 90 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasi bilan jihozlangan.
Shuningdek, smartfon 50 megapikselli asosiy kameraga ega. Infinix 60 Pro’ning to‘liq taqdimoti MWC 2026 ko‘rgazmasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy F70e 5G smartfoni rasman taqdim etilgani haqida yozgandi.