Yangiliklar

Koronavirus vaksinalari saratonga olib keladi degan gaplar asossiz — SSV

Mutaxassisning aytishicha, amalda qo‘llanilgan vaksinalar inson genomiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi
Koronavirus vaksinalari saratonga olib keladi degan gaplar asossiz — SSV
Foto: Unsplash

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi emlangan insonlar hayoti xavf ostida ekani, jumladan, ularda saraton kasalligi paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov rasmiy izoh berdi.

Uning ta’kidlashicha, bu kabi xabarlar mutlaqo asossiz. Pandemiya boshlanganidan buyon dunyo bo‘yicha 710 mlndan ortiq odam Covid-19 bilan kasallangan, 7 mlndan ziyod kishi vafot etgan. Agar vaksinalar yaratilmagan va emlash ishlari tizimli olib borilmaganida, bu ko‘rsatkichlar bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin edi. Vaksina paydo bo‘lishidan oldingi davrda o‘lim holatlari ancha ko‘p bo‘lgani bunga yaqqol dalil bo‘ladi.

Mutaxassisning aytishicha, amalda qo‘llanilgan vaksinalar inson genomiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi, bu ilmiy jihatdan isbotlangan. Ayrim emlangan odamlarda nafas qisishi, tana haroratining ko‘tarilishi yoki yurak urishining tezlashuvi kabi holatlar kuzatilgan, biroq bular vaqtinchalik bo‘lib, 2–3 kun ichida o‘tib ketgan.

Shuningdek, ayrim materiallarda emlashdan keyin paydo bo‘lgan salbiy holatlarni bartaraf etish uchun karabash va arslonpanjasi kabi dorivor o‘simliklardan foydalanish tavsiya etilgani qayd etilgan. Mutaxassislar bu fikrlar ilmiy asosga ega emasligini bildirgan. Karabash asosan shamollash va nafas yo‘llari yallig‘lanishida, arslonpanjasi esa ayollarda gormonal holatni me’yorlashtirish uchun ishlatiladi. Ushbu o‘simliklar vaksina hosil qilgan immunitetga ta’sir qilmaydi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni yolg‘on xabarlarga ishonmaslikka va har qanday ma’lumotni tarqatishdan oldin mutaxassislar fikriga tayanishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dorixonalarning 25 foizida spirt o‘rniga losyon berilgani aniqlangandi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, spirt o‘rniga losyon taklif etilishi kutilgan tibbiy samarani bermasligi, ayrim holatlarda esa iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin.