Yangiliklar

Mirziyoyev va Japarov telefonda Qambarota GES qurilishi hamda boshqa sohalarni muhokama qildi

Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li ham muhokama qilindi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Bugun, 10-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik hamda keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar tovar ayirboshlash hajmining barqaror sur’atda o‘sib borayotganini qayd etib, sanoat kooperatsiyasi doirasidagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li hamda Qambarota GES qurilishi kabi yirik infratuzilmaviy loyihalar bo‘yicha hamkorlik davom etayotgani bildirildi.

Prezidentlar mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.

Avvalroq «Kursiv» nashri Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Bishkekning Tojikiston bilan chegara muammosi hal bo‘lishida O‘zbekiston rahbarining o‘rni katta ekanini aytgani haqida yozgandi.