
O‘zbekiston Vyetnamning «Doi Moi» iqtisodiy islohotlari tajribasini o‘rganish va amaliyotga joriy etishga qiziqish bildirdi. Bu haqda Vyetnam hukumati matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjaev vyetnamlik hamkasbi Chan Xong Xa bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar 2025 – 2026-yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha harakatlar rejasi ijrosini ko‘rib chiqdi va savdo-iqtisodiy, investitsion, sanoat hamda transport sohalaridagi hamkorlikdagi yutuqlarni qayd etdi.
Shuningdek, neft-gaz, sanoat, qishloq xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash sohalarida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar Toshkent va Xanoiy o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov ochilishini qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi.
«Doi Moi» – 1986-yilda ishga tushirilgan Vyetnam iqtisodiyotini yangilash modeli bo‘lib, u markazlashgan rejali tizimdan bozor iqtisodiyotiga o‘tishni nazarda tutadi. Dastur xususiy sektorni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksportni oshirish hamda sanoat va qishloq xo‘jaligini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishni o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vyetnam kompaniyasi O‘zbekistonda turar joy va mehmonxonalar qurishi haqida xabar bergan edik.