O‘zbekistonning 3 ta kodeksiga o‘zgartirish kiritish taklif qilinmoqda

Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunchilik palatasi majlisida giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilmoqda.
Xususan, Jinoyat kodeksidagi giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar, shuningdek kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar sifatida alohida bobga birlashtirilmoqda.
Shuningdek, Jinoyat kodeksidagi mazkur bobda narkotiklarning noqonuniy muomalasiga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste’mol qilish yo‘li bilan homiylik (rahnamolik) qilish hamda g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta’minlash kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi normalar belgilanmoqda.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga esa giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilyapti. Bundan tashqari, bu turdagi jinoyatlarni qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Soliq kodeksiga tegishli o‘zgartirishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullagandi.