Pekin — Toshkent yo‘nalishida poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi — chipta narxi 50 ming dollar

eʼlon qilindi
Mazkur loyiha 22 kunlik temir yo‘l safari sifatida tashkil etiladi
Foto: Travel and Tour World

Buyuk Britaniyaning Golden Eagle Luxury Trains kompaniyasi Pekin—Toshkent yo‘nalishida yangi hashamatli sayyohlik poyezdini yo‘lga qo‘yishini e’lon qildi.

«Buyuk Ipak yo‘li poyezdda» nomli mazkur loyiha 22 kunlik temir yo‘l safari sifatida tashkil etiladi.

Sayohat davomida poyezd Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hududlaridan o‘tadi. Umumiy masofa 3862 kilometrni tashkil etadi. Marshrut Pekindan boshlanib, Toshkentda yakunlanadi.

Tur dasturi doirasida Xitoyda Taqiqlangan shahar, Buyuk Xitoy devori, Siandagi terrakota armiyasi va Dunxuandagi Mogao g‘orlariga tashrif buyurish rejalashtirilgan. O‘zbekistonda esa Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga sayohat tashkil etiladi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar uchun Gobi cho‘lida tuyalarda sayr qilish va Olmaotaga xususiy samolyotda uchish kabi qo‘shimcha xizmatlar ham taklif etiladi. Qirg‘iziston hududidagi aniq to‘xtash nuqtalari hozircha ochiqlanmagan.

Sayohat Golden Eagle Silk Road Express hamda kompaniyaning maxsus flagman poyezdlarida amalga oshiriladi. Poyezdlar tarixiy uslubdagi hashamatli interyer va yuqori darajadagi qulayliklar bilan jihozlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur temir yo‘l safari narxi bir kishi uchun $50,7 mingdan boshlanadi. Narxga yashash, ovqatlanish, ekskursiyalar, transferlar va sug‘urta xarajatlari kiritilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Angliyada ilk akkumulyatorli elektropoyezd ishga tushirilgani haqida yozgandi.

Shuningdek